Toshkentda o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlagan 285 ming kishi soliqqa tortilishi kutilmoqda

Jamiyat

Ayni vaqtda poytaxt Toshkentda 95 ming kishi ishsiz. 285 ming kishi esa o‘zini o‘zi norasmiy ravishda ish bilan ta’minlagan. Kim tort pishirib sotadi, yana kim massaj xizmatini ko‘rsatadi, kim repetitorlik qiladi... Eng ahamiyatli jihati shundaki, ular topgan daromadidan soliq to‘lamaydi. Soliqni qo‘ya turing, kun kelib keksayganda, pensiyasi juda oz bo‘ladi. Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Xotambek Shokirov o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlaganlar uchun alohida platforma ishlab chiqish taklifini bildirdi. 

“Uy sharoitida ishlab chiqarish yoki bo‘lmasa xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar juda ko‘p. Repetitor, ustalar, santexnik, “svarik”, tikuvchilik, qo‘yingki, juda ko‘p faoliyat turlari mavjud. Norasmiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularni rasman tadbirkor sifatida tan olish O‘zini ish bilan ta’minlagan tadbirkor sifatida rasman ro‘yxatga olish mexanizmi bizda mavjud emas. 

Bu borada 2019 yildan boshlab, Rossiyaning 4 ta hududida – Moskva shahri, Moskva viloyati, Kaluga viloyati hamda Tataristonda tajriba sifatida yo‘lga qo‘yilgan “samozanyatыye” tizimini Toshkent shahrida ham tadbiq qilishni taklif qilar edik”, deydi Ortiqxo‘jayevning o‘rinbosari. 

U so‘zida davom etarkan, tajribaning afzalliklariga to‘xtaldi. Qayd etilishicha, bu tizimda ro‘yxatdan o‘tish juda oson. Fuqaro mobil ilova orqali o‘zini o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazadi. Shu vaqtning o‘zida unga unikal raqam beriladi va o‘zini o‘zi band qilgan tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinadi. Bu orqali unda bankdan mikrokredit olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ishi, ko‘rsatayotgan xizmati yoki mahsulotini o‘sha mobil ilovaning o‘zida reklama qilish imkoniyati ham bor.  

“Aytaylik, menga kafel teruvchi yoki “svarik” kerak bo‘lsa mobil ilovaga murojaat qilaman va uyigm aeng yaqin bo‘lgan ustani chaqirishim mumkin”, dedi Shokirov. 

Xo‘sh, endi masalaning iqtisodiy jihatlariga to‘xtalsak. Albatta, bu xizmat soliqlarsiz bo‘lmaydi. Lekin foizlar yuqori darajada emas, miqdor haqiqatan ham past. Shokirov uni bor-yo‘g‘i 2% qilish taklifini bermoqda. 

“Rossiyada ko‘rsatilgan xizmat yoki sotilgan mahsulotga qilingan to‘lovdan 4% soliq oladi. Biz esa 2% soliq qo‘yishni taklif qilyapmiz. Bu ham bo‘lsa uni tadbirkorlikka o‘rgatish uchun. Buning ortidan u rasman ishchi bo‘ladi, ish stajiga ega bo‘ladi va kelajakda pensiya ta’minotini ham kafolatlash imkoniyati paydo bo‘ladi”.

Yuqorida aytganimizdek, Toshkentda 285 ming kishi norasmiy sektorda ishlamoqda. Ular statistikada o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlayapti deb ro‘yxatga olingan. Biroq, na kredit olishi, na pensiyasini ta’minlashi va na reklama qilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Xotambek Shokirov

Baholaganlar

132

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing