Farg‘onada erkak o‘ldirilib, yalong‘och holatda chakalakzorga tashlab ketildi

Jamiyat

image

Farg‘onada mudhish jinoyat sodir etildi. 57 yashar erkak 14 joyidan pichoq urilgan holatda daryo qirg‘og‘idagi chakalazordan topildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ma’lum qilmoqda. 

Gap shundaki, joriy yilning 6 yanvar kuni Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tumani, Toshkent ko‘chasi, 80-uyda yashovchi Davidova Buzulfiya Obidovna Ohangaron tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z murojaatida 1962 yilda tug‘ilgan  turmush o‘rtog‘i Komoljon Absalomovich Yuldashev 2020 yil 5 yanvar kuni soat 15:00 larda ishonchnoma asosida boshqaruvida bo‘lgan, oq rangli Cobalt rusumli, davlat raqami 40Z075RA bo‘lgan avtomashinada “Qo‘qon-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab kira qilish maqsadida uyidan chiqib ketgani, so‘ng qaytib kelmaganini aytib, uni topishda yordam so‘ragan. 

Tergovga qadar tekshiruv davomida, bedarak yo‘qolgan Komoljon Yuldashev 2020 yil 5 yanvar kuni soat 23:00 larda Toshkent shahar, Bektemir tumanida joylashgan “Vodiy” avtobekatidan Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tumaniga ketish uchun o‘zining boshqaruvidagi avtomashinada yo‘lga chiqib, shu kuni soat 23:52da qizi U.Parmanova bilan o‘zining 90-...-47-46 raqamli uyali telefoni orqali gaplashganida, “Ohangaron”dan Beshariq tumaniga yo‘lovchi olib qaytayotganligini ma’lum qilganligi, shundan keyin uning telefoni o‘chirilib, uyiga yetib bormaganligi aniqlangan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 2020 yil 7 yanvar kuni soat 18:00 larda bedarak yo‘qolgan Komoljon Yuldashevning boshqaruvidagi Cobalt rusumli, davlat raqam belgisi 40Z075RA bo‘lgan avtomashina Ohangaron shahar, Yangiobod mahallasi, Alpomish ko‘chasidagi fuqaro J.Shermatovga tegishli 11-uyning oldidagi ko‘chada turganligi aniqlangan.   

Hodisa joyi va avtomashina ko‘zdan kechirilib, avtomashina saloni va yukxonasidan qonga o‘xshash qizg‘ish dog‘lardan namunalar va o‘rindiq jildlari ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Ushbu holat yuzasidan joriy yilning 7 yanvar kuni Ohangaron shahar prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 2-qismi “i” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari jarayonida, Komol Yuldashevning murdasi kecha, 8 yanvar kuni uning avtomashinasi topilgan joyidan 18 km uzoqlikda, ya’ni Ohangaron tumani, Telov mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Angren” daryosi ustidan o‘tuvchi “Nurobod-Telov” avtomobil yo‘lidagi ko‘prikdan o‘ng tomonga, daryo o‘zani chap tomoni bo‘ylab 1,2 km ichkarida, chakalakzorlar orasida yalang‘och holatda badanining oldi tarafida 7 marotaba hamda orqa tomonida 7 marotaba o‘tkir tig‘li jism bilan yetkazilgan tan jarohatlari bilan topilgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, Komol Yuldashevning o‘limi qo‘shma jarohat: bosh miya yopiq jarohati, ko‘krak old-orqa va yonbosh, qorin sohalarida ko‘plab sanchilib kesilgan jarohatlari oqibatida kelib chiqqan tashqi va ichki qon ketishi natijasida yuzaga kelganligi ko‘rsatilgan.

Hozirda jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat Qotillik

Baholaganlar

985

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing