Azaga kelgan dardini aytib yig‘laydi: “Oxirgi vaqtlarda umuman vakolatimiz qolmadi”

Jamiyat

O‘zbekistonda hokimlarning 1 million dollar investitsiya bilan kelgan tadbirkorga yer yo mulk berish vakolati bo‘lgan. Ammo keyingi vaqtlarda bu vakolat ulardan olib qo‘yilgan. Bu haqda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Oliy Majlis Senatining 28 fevral kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi yalpi majlisida so‘z ochgan. U bu masalada O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Ne’matovga yuzlandi. 

“Prezidentimizning bir so‘zi bor: investitsiyasiz biz rivojlana olmaymiz. Bu eng katta masala. Sizlarning, jumladan elchilarimizning oldiga investitsiya jalb qilish bo‘yicha vazifa qo‘yilgan. 2019 yilda chet eldan kelgan investor 1 million dollardan ortiq investitsiya olib kelsa, hokimlarning yer berish, bino ajratish masalasida vakolati bor edi. Oxirgi vaqtlarda umuman vakolat qolmadi. Bunda chet el tajribasi qanday? Chet eldan investorlar kelyapti, lekin yer va bino berish masalasida vakolatimiz qolmadi. Ularga auksionda qatnashing deyapmiz. Chet eldan investorni zo‘rg‘a olib kelsagu keyin bunaqa deb tursak... Bunga sizning fikringiz qanday”, deya Ne’matovga yuzlanadi Abdurahmonov. 

Shuhrat Abdurahmonovning aytganlarida ham jon bordek. Ammo, hokimlar bu huquqlardan mahrum etilishiga bosh sababchi o‘zlari emasmi? Odamlar yashab turgan uyni buzib yuborgan, tadbirkorning qora qozonini qaynatayotgan do‘konga changal solgan, ishlab, daromad keltirib turgan korxona yerini chet eldan kelgan investorga olib berib, boshqalarni qahshatgan ham hokimlar-ku? 

Boshqa jihatdan investorga yer berish borasida chet el tajribasini qo‘llash fursati keldi. Ammo, Abdurahmonovning savoliga Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Ne’matov quyidagicha javob berdi:

“Rivojlangan davlatlarda yer xususiylashgan. Bizda esa yer davlatniki. Mulkdorlik haqida gapiradigan bo‘lsak, ularda agar menga bir gektar yer berilgan bo‘lsa va men shu yerga kompaniyamni qursam, keyinchalik shu yerni bizdan olib qo‘ymaydimi degan qo‘rquv bor. 

Mamlakatda qabul qilingan qonunlarning ishlashi investorlarning kelishiga juda katta omil bo‘ladi. 

Bundan tashqari, ingliz, ispan yoki fransuz tiliga tarjima qilingan investitsiya loyihalari juda kam. Hozirgi kunda yo‘q, desam ham adashmagan bo‘laman. Biz investorlarga investitsiya olib keling deyapmiz, ammo mana loyiha deb stolga qo‘ygan joyimiz yo‘q. Shuning uchun ham bu ko‘p omillarga bog‘liq va bularni birgalikda hal qilishimiz kerak. Ana shundan keyin investorlar o‘z-o‘zidan keladi”, deydi Ilhom Ne’matov. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Ne'matov Shuhrat Abdurahmonov

Baholaganlar

699

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing