4 hokim jazoga tortilishi mumkin
Jamiyat
−
15 aprel 72050 2 daqiqa
2025 yil Ochiqlik indeksida eng past natijani Andijon viloyati va Toshkent shahar hokimligi qayd etdi. Shuningdek, ro‘yxatda Toshkent va Sirdaryo viloyati hokimliklari ham bor. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2025 yilda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlili, xususan, Ochiqlik indeksining yakuniy natijalariga oid xabarnomada so‘z borgan.
Eng past natijani qayd etganlar orasida banklardan “Aloqabank” ATB, “Toshshahartransxizmat” AJ, Sudyalar oliy kengashi, O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ham bor. Ular va yuqorida keltirilgan hokimliklar indeksning “qizil” toifasiga kiritilgan.
“Qizil” toifada baholanganlar, xususan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov intizomiy jazoga tortilishi mumkin.
Agentlik tomonidan qayd etilishicha, “qizil” toifaga kiritilganlarga qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qo‘llash yuzasidan taklif kiritish, ochiqlikni ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni o‘rganish, bartaraf etish hamda ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
Gap shundaki, 2025 yil yakunlari asosida o‘tkazilgan bu yilgi baholashda 97 ta vazirlik, idora, muassasa va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olingan. Baholash jarayoni 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida amalga oshirilgan. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 66 ta davlat organi “yashil”, 22 tasi “sariq” va 9 tasi “qizil” samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etgan.

E’tiborli jihati, joriy yilgi baholashda o‘tgan yilga nisbatan “yashil” toifada baholangan idoralar soni 34 %ga ko‘payib, “sariq” toifadagilar 36 %ga va “qizil” toifadagilar 31 %ga kamaygan.
Ochiqlik bo‘yicha eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “O‘zbekgidroenergo” va “O‘zavtosanoat” AJlari, Transport nazorati inspeksiyasi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Adliya vazirligi tomonidan qayd etilgan.
Shuningdek, “qizil” toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiqlik sohasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari va ularni bartaraf etish bo‘yicha rejalashtirgan chora-tadbirlari yuzasidan axborotlarini Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi, Vazirlar Mahkamasi va Oliy Majlis Senati majlislarida eshitish rejalashtirilgan.
Live
Barchasi18 aprel