16-shifoxonaga koronavirusga chalingan bemorlar olib kelingani haqidagi gaplarga SSV munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Bundan ikki kun avval, poytaxt Toshkentdagi “16-shahar shifoxonasi” – Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy Markaziga koronavirusga chalingan bemorlar joylashtirilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. QALAMPIR.UZ ushbu ma’lumotlarga oydinlik kiritgandi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev gap-so‘zlarni butkul rad etgandi. Bugun, 11 mart kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mish-mishlarga nisbatan rasmiy munosabat bildirdi. Unda shunday deyiladi: 

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan poytaxtimizdagi “16-shahar shifoxonasi”da koronavirusga chalingan bemorlar borligi haqidagi xabarlar asossiz va mutlaqo yolg‘on. 

Bu haqda kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ning profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ham vazirlik rahbariyati bilan bir qatorda xalqaro ekspertlar ham O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilmaganini alohida e’tirof etdi. 

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, dunyodagi epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va uning oldini olish borasida barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, nazorat kuchaytirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida 24 soat davomida uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi shtab ish olib bormoqda. Ayni paytga qadar mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq biron bir holat aniqlanmadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor har bir fuqarodan noto‘g‘ri, vahimali va asoslanmagan ma’lumotlarga ishonmasliklarini so‘rab qoladi”.


Maqola muallifi

Teglar

SSV Koronavirus

Baholaganlar

223

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing