Sudyaga turli shaklda ta’sir o‘tkazish holatlari bo‘yicha javobgarlik kuchaytiriladi
Jamiyat
−
15 dekabr 2019
4168Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Konstitutsiya va qonun ustuvorligini, davlat organlari qarorlari, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari qonunlarga to‘liq muvofiq bo‘lishini ta’minlash, qonunlar ijrosini samarali tashkil etish Dasturni amalga oshirishning asosiy maqsadlaridan biri etib belgilandi.
Shuningdek, qarorga muvofiq 2020 yil 1 martdan boshlab:
- aholi maskanlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash va obodonlashtirish, ularda kompleks qurilish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirishga oid qarorlar dastlab o‘sha hududdagi aholi o‘rtasida muhokama qilinib, jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkaziladi;
- jismoniy va yuridik shaxslarga yer ajratish haqidagi hujjatlar qabul qilinganidan (rasmiylashtirilganidan) keyin 1 kun muddatda tegishli hokimliklarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi;
2020 yil 1 apreldan boshlab:
- shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etiladi;
- huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan shaxs ushlanganda uning ushlangani va ushlab turilgan joyi to‘g‘risida uning oila a’zolariga, ular bo‘lmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini darhol xabardor qilish bo‘yicha majburiyat yuklanadi;
- 2020 yil 1 iyuldan boshlab huquqni cheklaydigan protsessual majburlov choralarini qo‘llash, jumladan shaxsni ushlab turish holatlari yagona elektron hisobga olish tizimiga kiritib boriladi.
Bundan tashqari, 2020 yil 1 mayga qadar:
- prokuror, surishtiruvchi yoki tergovchining jinoyat ishini qo‘zg‘atish, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish, taftish tayinlash, surishtiruv yoki dastlabki tergovni to‘xtatish va jinoyat ishini tugatish haqidagi qarorlari ustidan manfaatdor shaxslar tomonidan bevosita sudga shikoyat qilish;
- sud ishlarini hal etishga aralashish, jumladan ishning har tomonlama, to‘la va xolisona o‘rganilishiga to‘sqinlik qilish, adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda ta’sir o‘tkazish holatlari bo‘yicha javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi Qonun loyihalari ishlab chiqiladi.
2020 yil 1 mayga qadar advokatura institutini yanada takomillashtirish va advokatlar mavqeini tubdan oshirish bo‘yicha:
- Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasi;
- Adliya vazirligining Advokatlar palatasi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish orqali ushbu tuzilmaning roli va ahamiyatini yanada oshirish;
- tergovchi, prokuror va sud tomonidan davlat hisobidan advokatlarni jalb qilish mexanizmini xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish;
- advokatlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar belgilashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqiladi.
Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 1 martga qadar Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini 2020–2021 yillarda samarali amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
Sarvar Anvar o‘g‘li
LiveBarchasi