Qo‘qonda Xitoydan qaytgan talaba vafot etdi. U koronavirusdan o‘ldimi?
Jamiyat
−
13 fevral 2020
35785Ijtimoiy tarmoqlar va qator elektron OAVda Xitoydan qaytgan qo‘qonlik talaba uyida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Tabiiyki, bu yigitning o‘limini koronavirus bilan bog‘lashga sabab bo‘ldi.
Qo‘qon shahridagi Shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga keltirilgan fuqaro haqida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabar yuzasidan Qo‘qon Bosh Davlat sanitariya vrachining rasmiy bayonoti e’lon qilindi.
Joriy yilning 5 fevral kuni O‘zbekiston tumani Hayotobod qishlog‘ida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan Abduqodirov Muhammadbobur Munavvar o‘g‘li o‘zi istiqomat qiladigan uy hammomiga yuvinish uchun kirib ketib, bir necha soat davomida qaytib chiqmagan. Shundan so‘ng uning yaqinlari hammom eshigini buzib kirishganida yigit jonsiz holatda yotganligi ma’lum bo‘lgan.
Garchi fuqaro hammomdayoq hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa-da, yaqinlari Qo‘qon shahar shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borishgan. Qabul diagnostika bo‘limida reanimatologlar tomonidan jasad zudlik bilan ko‘rilganda, biologik o‘lim allaqachon sodir bo‘lganligi tasdiqlangan.
Bu haqida darhol huquq-tartibot organlariga xabar berilgan va murda sud tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Qo‘qon shahar sud tibbiy ekspertizasiga yuborilgan. Murda dastlabki sud tibbiy tekshiruvidan o‘tkazilganida unda is gazidan zaharlanishga xos bo‘lgan maxsus spetsifik belgilar aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, Muhammadbobur Abduqodirov til o‘rganish maqsadida 2019 yil 15 noyabrda Xitoy davlatiga borgan bo‘lib, 31 yanvar kuni Koreya davlati orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan.
U mamlakatga qaytib kelgan kuniyoq O‘zbekiston tumanidagi 71-sonli qishloq oilaviy poliklinikasida tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va ikki haftalik nazoratga olingan bo‘lib, unda hech qanday kasallik alomatlari aniqlanmagan. Buni Muhammadbobur Abduqodirovning ambulator kartasidagi ma’lumotlar hamda yaqinlari bilan o‘tkazilgan suhbat ham tasdiqladi.
Muhammadbobur Abduqodirovning Xitoy davlatidan kelganligi sababli epidemiologik ko‘rsatmaga asosan olingan namunalar Farg‘ona viloyati SEOM virusologiya laboratoriyasida tekshirilib, unda gripp, koronavirus “2019-nCov” va boshqa virus turlari topilmadi.
Fuqaroning o‘limi dastlabki sud tibbiy ekspertiza xulosalariga ko‘ra is gazidan zaharlanish oqibati bo‘lib, uni ayni paytda Xitoy davlatida tarqalgan koronavirus xastaligi bilan hech qanday bog‘liqlik alomatlari aniqlanmadi.
"Xitoy davlatidan kirib kelgan shahrimiz fuqarolari to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tana harorati ko‘tarilgan, shamollash alomatlari bor va boshqa yuqumli kasallik belgilari mavjud bo‘lgan fuqarolar aniqlanmadi. Ular profilaktik maqsadda 14 kunga tibbiy kuzatuvga olingan", deyiladi bayonotda.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 27 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya va Belgiyada aniqlandi.
Virusdan bugungacha 1368 nafar odam halok bo‘ldi. Kasallanganlar soni esa 60310 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.
Yangi koronavirusga Novel Coronavirus Pneumonia (NCP) nomi berildi. U bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi