Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi nega qoldirildi? So‘z Ilhom Ne’matovga
Jamiyat
−
14 fevral 2020
9976O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyevning fevral oyida Rossiyaga amalga oshirishi belgilanganu ammo yoz oylariga ko‘chirilgan tashrifi xususida so‘z ochdi.
“Bu juda muhim tashrif va ushbu masalada oxirgi vaqtlarda juda ko‘p ommaviy axborot vositalarida maqolalar e’lon qilindi. Men bularning barchasini o‘qib chiqdim. O‘zingiz bilasizki, oliy darajadagi uchrashuvlar oldindan muzokara qilinadi, keyin alohida kelishiladi. Men shuni aniq aytamanki, agar siz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan 16 yanvar kuni o‘tgan uchrashuvini kuzatgan bo‘lsangiz, u yerda imzolanadigan hujjatlarni tayyorlash nuqtayi nazaridan tashrifni iyun oyining ikkinchi yarmiga ko‘chirilgani aytilgan edi”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 5 fevral kuni Rossiyaga tashrifi haqidaga rasmiy ma’lumot 2019 yilning dekabr oyi oxirida Tashqi ishlar vaziri Ilhom Ne’matovning RIA Novosti agentligida e’lon qilingan intervyusida berilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, tashrif iyun oyiga ko‘chirilgani aytib chiqildi. Bu esa AQSH Davlat kotibining Maykl Pompeoning 3 fevral kuni O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifidan keyin yuz berdi degan taxminlarni uyg‘otdi. Aslida esa tashrif yanvar oyining o‘rtalaridayoq ko‘chirilgan edi.
Ilhom Ne’matov so‘zida davom etarkan, oliy darajadagi tashriflarni amalga oshirishdagi uch muhim jihatga e’tibora qaratdi.
“Tashrifni amalga oshirish uchun juda katta tayyorgarlik ishlari olib boriladi.
Birinchidan, kun tartibi ishlab chiqiladi. Unda qaysi masalalar muhokama qilinadi? Bular haqida o‘zaro kelishib olinishi kerak.
Ikkinchidan tashrif davomida qanday hujjatlar imzolanadi? Bu juda katta vaqt va jiddiy e’tiborni talab etadi.
Uchinchidan, qanday tadbirlar o‘tkaziladi?
Shuning uchun ham tashrif muddati o‘zgartirildi. Bu haqda yozayotganlar esa Prezidentimizning Sergey Lavrov bilan uchrashuvdagi muloqotga e’tibor bermayapti. U yerda aniq aytilganki, tashrifga jiddiy tayorgarlik ko‘rilayotgani sabab tashrif iyun oyiga ko‘chirildi”, deydi Ilhom Ne’matov.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi boshqa sanaga qoldirilganiga quyidagicha munosabat bildirgan edi:
"5 fevralda bo‘lishi rejada bo‘lmagan, shu bois, tashrif kechiktirilishi haqida ham gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Bu noto‘g‘ri ma’lumot".
LiveBarchasi