Shavkat Mirziyoyev ham maqola yozdi

Jamiyat

image

Turkiyaning “Hurriyet” nashrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy tilli davlatlar hamkorligi kengashining ahamiyati, zamonaviy integratsiya va hamkorlik haqidagi maqolasi e’lon qilindi

Shavkat Mirziyoyev dastlab Turkiy Kengashning yettinchi sammiti ishtirokchilarini hamda butun turk olamini Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish bo‘yicha Naxchivon kelishuvi imzolanganining 10 yilligi bilan tabrikladi.

“Bugun Turkiy Kengash tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida muloqot va hamkorlikni chuqurlashtirish, ularning qarashlarini xalqaro maydonda samarali ilgari surish uchun istiqbolli xalqaro platformaga aylandi”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.

O‘zbekiston katta turk oilasining ajralmas qismi sifatida turkiy davlatlar bilan munosabatlarning rivojlanishiga katta ahamiyat berishi ta’kidlangan. Shuningdek, O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida “Turkiston – umumiy uyimiz” tashabbusini ilgari surgani va bu turkiy tilli jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlangani qayd etilgan.

“Bizning mamlakat turkiy tilli davlat rahbarlarining ilk sammitlarida faol ishtirok etgan. Davlat rahbarlarining tarixiy to‘rtinchi sammiti 1996 yil 21 oktyabr kuni Toshkentda o‘tgandi. Bu turkiy davlatlar hamkorligi rivojida muhim bosqich bo‘lib, zamonaviy Turkiy kengash tuzilishiga poydevor qo‘ygandi”, deb ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, davlat rahbarlari 1996 yilda Toshkent deklaratsiyasini imzolab, doimiy muloqot muhim ekanini ta’kidlab, turkiy tilli davlatlar rahbarlari uchrashuvi uchun kotibiyat tashkil qilishga kelishib olgan. Bu muhim institut Naxchivon kelishuviga ko‘ra tashkil etilgan Hamkorlik kengashi kotibiyatida o‘z aksini topgan.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston shu yili Naxchivon kelishuviga qo‘shilish uchun so‘rov yuborgani va bir kun ichida ijobiy javob olganini aytib, 14 sentyabr kuni Prezident qarori qabul qilingani va O‘zbekistonning kelishuvga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonun ratifikatsiya qilinganini eslatib o‘tdi.

“Mamlakatimizning Turkiy Kengashga qo‘shilishi turkiy olamda integratsiyaning mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi va a’zo davlatlar orasida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga harakat qilyotgan vaqtda hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Turkiy Kengash mintaqasida davlatlararo munosabatlarning ijobiy tendensiyasi bizga Kengash doirasida hamda BMT, YeXHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, “Osiyo yuragi – Afg‘oniston uchun Istanbul jarayoni” kabi xalqaro institut va mexanizmlarda yangi istiqbollarga yo‘l ochadi.

“Kengash maslahatlashuv, davlatlararo aloqalarni muvofiqlashtirish mexanizmi va Markaziy Osiyo, Kavkaz, Yaqin Sharq va Yevropada o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda katta imkoniyatlarga ega. A’zo davlatlar orasida bahs va qarama-qarshiliklar yo‘q va bu mening o‘ylashimcha muhim ustunlik beradi. Barcha davlatlar Turkiy kengash faoliyatiga aloqadaor xalqaro va mintaqaviy masalalarda bir xil yoki bir-biriga yaqin qarashlarga ega”, deydi O‘zbekiston rahbari.

Qayd etilishicha, Turkiy Kengash davlatlarining har tomonlama hamkorlikda yetishgan darajasi katta optimistlikni yuzaga keltiradi. Hozircha uning haqiqiy potensiali anchayin ko‘p. Asosiysi, hozir turkiy davlatlarda yanayam yaxshi natijalarga erishish uchun siyosiy iroda mavjudligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston hamkorlikni kengaytirishning asosiy maqsadlarini belgilab olganini ma’lum qildi.

“Biz transport va tranzit sohasida yaqin hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdormiz. Integratsiyalashgan transport tarmoqlarining yaratilishi yirik global va mintaqaviy bozorlarga chiqishni ta’minlaydi. Bu o‘rinda gap avvalo Shimol-Janub va Sharq-G‘arb xalqaro transport yo‘laklari, Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy, Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘laydigan avtomobil, temir yo‘l va havo yo‘llari haqida bormoqda.

Shu maqsadda mintaqada transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator strategik muhim loyihalar amalga oshirildi. “Andijon-O‘sh-Irkishtom-Qashqar” avtomobil yo‘lagi rivojlanishi, shuningdek,  Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga start berilishi bilan katta imkoniyatlar ochilmoqda.

Barcha sohalarda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsiyalarning joriy etilishi har qanday mamlakatning raqobatdoshligi va barqaror rivojlanishining hal qiluvchi omilidir.  Shuning uchun biz Turkiy Kengash mamlakatlarining innovatsion rivojlanishini asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri deb bilamiz. Shu munosabat bilan biz kelajakda texnologiyalarni rivojlantirish dasturlari va loyihalarini ilgari surish uchun innovatsion rivojlanish uchun mas’ul muassasalar, ilmiy markazlar va venchur kompaniyalar o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatishni taklif qilamiz.

Ma’lumki, turkiyzabon davlatlar xalqlari noyob va bebaho madaniy,  tarixiy va ma’naviy merosga ega bo‘lib, ular butun insoniyatga tegishli. Mamlakatlarimizda turkiy va islom sivilizatsiyasining tarixiy obidalari, buyuk allomalar, shoirlar, mutafakkirlar va san’atkorlarning merosi saqlanib kelinmoqda. Ushbu bebaho boylik butun insoniyatga tegishli, ziyorat turizmini rivojlantirish orqali uni butun dunyoga ko‘rsatish kerak. Iqtisodiy industriya kabi turizm ham davlatlar va xalqlarni yaqinlashtirishda muhim rol o‘ynaydi”, deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

U, shuningdek, globallashuv va tinchlikka tahdid ortib borayotgan bir vaqtda o‘zaro hamkorlik har doimgidanda muhimroq ekani haqida so‘z yuritgan.

“Dunyoda globallashuv, siyosiy keskinlikning ortib borishi sharoitida o‘zaro foydali hamkorlik barqaror rivojlanish va taraqqiyot, tinchlik va xavfsizlikka erishishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. O‘ylashimcha, turkiyzabon davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning asosiy jihatlaridan biri terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar kontrabandasi va odam savdosiga qarshi kurashda Turkiy Kengash mamlakatlarining huquqni muhofaza qilish organlarining sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish bo‘lishi kerak”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.

Turkiy davlatlarning siyosiy irodasi, ochiq va konstruktiv boshqaruvi, davlat yetakchilarining doimiy uchrashuvlari natijasida mintaqada o‘zaro ishonch muhiti mustahkamlanayotgani va bu jarayonda O‘zbekiston ham ishtirok etayotgani e’tirof etildi.

Turkiylarning buyuk vakili, qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov o‘zbek xalqining tarixiy ahamiyati haqida so‘z yuritib, shunday degandi: “o‘zbek xalqi turkiy tilli xalqlar taqdirida Vizantiyaning slavyan xalqlari taqdirida o‘ynaganidek rolni bajargan.”

“Bugun muhim tarixiy rivojlanish bosqichida O‘zbekiston Respublikasi turkiyzabon davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishga tayyor.

Yana bir bor chin qalbimdan turkiyzabon davlatlar xalqini Turkiy Kengashning o‘n yilligi bilan tabriklayman va ularga tinchlik, farovonlik va rivojlanish tilayman”, deb yakunlagan Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

62

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing