Shavkat Mirziyoyev Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidentini mukofotladi
Jamiyat
−
20:14 698 2 daqiqa
Bugun, 15 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati doirasida mamlakatda bo‘lib turgan Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Cho Chung Vonni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar bredi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda taekvondo bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni deyarli ikki baravarga oshib, 35 ming nafarga yetdi. O‘zbekistonliklar Parijdagi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ushbu sport turi bo‘yicha umumjamoa hisobida faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Uchrashuv davomida Cho Chung Von O‘zbekistonda sportni jadal rivojlantirish, yoshlar orasida jismoniy tarbiyani targ‘ib etish, zamonaviy infratuzilmani yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholagan.

Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, professional sportchilar va hakamlarni tayyorlash, yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, sport tibbiyoti borasida ilg‘or tajribalarni almashish va nufuzli xalqaro musobaqalarni O‘zbekistonda muntazam o‘tkazish masalalarini muhokama qilgan.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti mamlakatda taekvondoni ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi, sport orqali jahon xalqlarining o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini kuchaytirish borasidagi katta xizmatlari uchun Cho Chung Vonni O‘zbekistonning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlagan.
Cho Chung Von, o‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyevga sportni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Butunjahon taekvondo federatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan oliy shaxsiy mukofot – Shon-sharaf ordenini topshirdi.

Ushbu orden ilk bor aynan O‘zbekiston rahbariga taqdim etilgani, bu mamlakatda sportni, xususan, taekvondoni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilganidan dalolat berishi ta’kidlangan.
Live
Barchasi