Shavkat Mirziyoyevga Xalqaro tinchlik mukofoti topshirildi (video)
Olam
−
09:40 2774 3 daqiqa
Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif doirasida Nikolay Rimskiy-Korsakov nomidagi Sankt-Peterburg davlat konservatoriyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin huzurida xalqaro mukofotni uning hay’ati raisi, Mariinskiy teatri badiiy rahbari va bosh direktori, Rossiya Katta teatri bosh direktori, dirijyor Valeriy Gergiyev topshirdi.
Uch mamlakat yetakchilari ushbu nufuzli mukofotga Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi uchun sazovor bo‘lgan.
Hakamlar hay’atining qarorida ta’kidlanganidek, 2025 yilning 31 mart kuni Xo‘jand shahrida uchta davlat rahbarlari Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma va Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasini imzolagan va shu bilan xalqaro huquq ustuvorligiga asoslangan umumiy va barobar xavfsizlikni ta’minlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv hamda hamkorlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan.
Ushbu mukofot insonparvarlik g‘oyalariga sadoqatni ifodalashi va Markaziy Osiyoni tinchlik, farovonlik hamda bunyodkorlik makoniga aylantirish yo‘lidagi umumiy hissaning e’tirofi ekani ta’kidlangan. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochilishi uch mamlakat xalqlarining siyosiy irodasi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka intilishi tufayli bo‘lgani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Lev Tolstoy nomidagi ikkinchi Xalqaro tinchlik mukofoti – bu nisbatan yangi mukofot bo‘lib, 2022 yil 22 iyunda ta’sis etilgan. Uni Rossiya Tarixiy jamiyati, Rossiya Harbiy-tarixiy jamiyati va Rossiya Tinchlik jamg‘armasi birgalikda yaratgan. Mukofotning asosiy maqsadi – urushlarning oldini olish, barqaror va ko‘p qutbli dunyo qurish, zo‘ravonliksiz tinchlikni targ‘ib etish hamda faol tinchlikparvarlik faoliyatini rag‘batlantirishdir.
Har yili bu mukofot tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga sezilarli hissa qo‘shgan davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar yoki jamoat arboblariga topshiriladi. Masalan, 2024 yilda birinchi mukofot Afrikaning qit’a miqyosidagi tashkiloti – Afrika Ittifoqiga berilgan. 2025 yilda esa Markaziy Osiyo davlatlari – Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari bu mukofotga sazovor bo‘ldi. Har yili g‘oliblar 9 sentyabr kuni, ya’ni buyuk rus yozuvchisi Lev Nikolayevich Tolstoy tug‘ilgan kunda e’lon qilinadi.
Tolstoyning nomi bu mukofotga bejiz qo‘yilmagan. Tolstoy asarlarida tinchlik va insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Masalan, “Urush va tinchlik” romanida u urush fojialari, insonlarning azobini chuqur tasvirlab, tinch hayot qadriga urg‘u bergan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 mart kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xo‘janddagi uchrashuvda Davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomani imzolagandi. Chegaralar tutashgan joy Farg‘ona vodiysida joylashgan bo‘lib, So‘g‘d (Tojikiston), Farg‘ona (O‘zbekiston) va Botken viloyatlarini (Qirg‘iziston) bog‘laydi. Keyinchalik, ushbu shartnoma Sadir Japarov tomonidan ratifikatsiya qilindi.
Live
Barchasi