Shavkat Mirziyoyevga Gruziyaning oliy davlat mukofoti berildi
Jamiyat
−
02 iyul 2959 2 daqiqa
Bugun, 2 iyul kuni Tbilisi shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Gruziyaning oliy davlat mukofoti – “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston – Gruziya ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun davlat rahbariga ushbu mukofotni Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili topshirgan.

O‘zbekiston yetakchisi Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili, Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze hamda Parlament raisi Shalva Papuashviliga yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirib, do‘st Gruziya xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilagan.

Ma’lumot uchun, 1998 yilda ta’sis etilgan “Oltin mo‘yna” ordeni mamlakatning oliy davlat mukofotlaridan biri bo‘lib, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash hamda gruzin madaniyati, ilm-fani va san’atini targ‘ib etish borasidagi alohida xizmatlar uchun beriladi.

Ordenning nomi Oltin mo‘yna haqidagi qadimgi yunon afsonasi hamda hozirgi Gruziya hududida joylashgan tarixiy o‘lka – Kolxida bilan bog‘liq.

Turli yillarda mazkur yuksak mukofot bilan Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Iordaniya podshohi Abdulla II, Germaniya kansleri Gerxard Shryoder, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Ozarbayjon Prezidenti Haydar Aliyev va boshqalar taqdirlangan.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari Orbeliani saroyining Faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklarini yozib qoldirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tbilisi shahrida Gruziya Prezidentining qarorgohi – Orbeliani saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Gruziyaga davlat tashrifi doirasida Tbilisi shahridagi Orbeliani saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi