Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya Bosh vazirining o‘rinbosarini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 7 sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Gyon Xo boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, uchrashuv avvalida Bosh vazir o‘rinbosari Chxu Gyon Xo Shavkat Mirziyoyevga Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning salomini yetkazgan. Shundan so‘ng, O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. 

Qabul davomida O‘zbekiston Prezidenti Janubiy Koreya bilan keng ko‘lamli hamkorlikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish masalalariga to‘xtalgan. Xususan, keyingi yillarda o‘zaro savdo va investitsiya ko‘rsatkichlari barqaror oshgani, o‘tgan 2022 yilda tovar ayirboshlash 24 foizga ko‘paygani, mamlakatda mingga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritayotgani hamda Koreyadan investitsiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshgani qayd etilgan.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan ko‘p yillar davomida samarali hamkorlik qilinayotgani, ular bilan birgalikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3 milliard dollardan oshgani yuqori baholangan. Muvaffaqiyatli amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar qatorida ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi, to‘qimachilik texnoparki, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi va nodir metallar bo‘yicha markazlar borligi ta’kidlangan.

Shuningdek, Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan texnologik va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni jadallashtirish, infratuzilma, “yashil” energetika, davlat boshqaruvi, moliya, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash borasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. 

Uchrashuv yakunida esa ikki mamlakat hududlari o‘rtasida samarali muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish uchun keng imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Chxu Gyon Xo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing