Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya bilan “birgalikda taraqqiyotda sakrash”ni taklif qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya bilan ilg‘or texnologiyalar, investitsiyalar va inson kapitali sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish orqali “birgalikda taraqqiyotda sakrash”ni amalga oshirishga chaqirdi. Bu haqda u Seulda bo‘lib o‘tadigan birinchi Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi sammiti arafasida “The Korea Herald” nashriga bergan yozma intervyusida so‘z ochdi.

Shavkat Mirziyoyev bu tashabbusni Seulda ilk bor o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi sammiti arafasida bildirdi. Olti tomonlama sammitda Janubiy Koreya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ishtirok etadi. Unda uzoq muddatli hamkorlikni belgilab beruvchi Seul deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.

O‘zbekiston rahbari Janubiy Koreyani mamlakatning 2030 yilgacha bo‘lgan strategiyasi va “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini amalga oshirishda muhim hamkor deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Seulning modernizatsiya tajribasi va amaliy qo‘llab-quvvatlashi ikki davlat iqtisodiyotining bir-birini to‘ldirishiga xizmat qilmoqda.

“Bu hamkorligimizda yangi o‘sish nuqtalarini ochish va uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish – “birgalikda taraqqiyotda sakrash” imkonini beradi”, degan Shavkat Mirziyoyev. 

Nashrning yozishicha, Prezident ushbu iborani Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myonning so‘zlaridan kelib chiqib ishlatgan. Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, 2025 yil 23 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida Li Chje Myon bilan ilk bor uchrashganini ham eslagan. Ushbu uchrashuvda tomonlar “samimiy va samarali muloqot” o‘rnatganini bildirgan.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi savdo hajmi besh barobar oshgan, Koreya investitsiyalari 8 milliard dollardan, qo‘shma korxona va loyihalar soni esa 700 tadan oshgan. KOICA, Koreya Eksimbanki va boshqa jamg‘armalar bilan hamkorlikdagi loyihalar portfeli 3,5 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.

Shuningdek, Samsung, LG, Hyundai, Kia, KOGAS va Lotte kabi koreys kompaniyalari O‘zbekistonda sanoat, transport, sog‘liqni saqlash va raqamli infratuzilma sohalarida faoliyat yuritmoqda. Toshkent esa savdo bilan cheklanib qolmasdan, sun’iy intellekt, muhim minerallar va yarimo‘tkazgichlar, robototexnika, elektromobillar, biofarmatsevtika, zamonaviy kimyo, “aqlli qishloq xo‘jaligi” va “aqlli shaharlar” kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli sohalarda ishlab chiqarishni rivojlantirishni maqsad qilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev intervyusida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ishonch va iqtisodiy aloqalar so‘nggi o‘n yilda sezilarli darajada kuchayganini ta’kidlagan. Mintaqa iqtisodiyotlari o‘rtacha 7 foizdan ziyod o‘sib, 2025 yilda Markaziy Osiyoning yalpi ichki mahsuloti 500 milliard dollardan oshgan.

O‘zbekiston yetakchisining ta’kidlashicha, Janubiy Koreya o‘zining sanoat salohiyati, kapitali va modernizatsiya tajribasi bilan mintaqada yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishda muhim o‘rin tutishi mumkin.

Prezident, shuningdek, Koreya universitetlari va tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish zarurligini qayd etgan. 

“Hech qanday texnologiya inson o‘rnini bosa olmaydi”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident ikki xalq o‘rtasidagi aloqalar tarixiy ildizlarga ega ekanini, Samarqanddagi Afrosiyob saroyi devoriy suratlari Markaziy Osiyo va Koreya yarimoroli o‘rtasidagi qadimiy aloqalarni aks ettirishini aytgan. O‘zbekistondagi Koryo-saram jamoasi ham ikki mamlakat o‘rtasidagi zamonaviy aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shib kelayotganini ta’kidlagan.

Shavkat Mirziyoyev sammit ikki mamlakat uchun o‘n yilga yaqin davom etgan muloqotni aniq iqtisodiy loyihalar va institutsional hamkorlikka aylantirish uchun yangi bosqichning boshlanishi sifatida baholagan. U investitsiyalar, infratuzilma, innovatsiyalar va madaniy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha “ilg‘or kelishuvlar”ga erishishga umid bildirgan.

O‘zbekiston rahbari Janubiy Koreya bilan munosabatlar nafaqat siyosiy kelishuvlar va iqtisodiy manfaatlarga, balki xalqlar o‘rtasidagi ishonchga ham asoslanishi kerakligini qayd etgan hamda koreyaliklarni O‘zbekistonga sayyoh, hamkor, tadbirkor va talabalar sifatida tashrif buyurishga chaqirgan.

“O‘zbekiston – ko‘rish va his qilish kerak bo‘lgan mamlakat”, degan Shavkat Mirziyoyev. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva hamrohligida davlat tashrifi bilan Seul shahriga yetib borgandi.

Seul shahriga borgan Prezident Shavkat Mirziyoyevni Koreya Respublikasida mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar kutib olgan hamda davlat rahbari o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashib, ularning faoliyati, o‘qishi va kelajak rejalari bilan qiziqqandi

Mazkur rasmiy tashrif doirasida davlat rahbari O‘zbekiston – Koreya biznes forumining ochilishida nutq so‘zlaydi. Shuningdek, 16 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ishtirok etadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing