Shavkat Mirziyoyev Koreyadagi o‘zbekistonliklar bilan muloqot qildi
Jamiyat
−
09:25 134 1 daqiqa
Bugun, 13 sentyabr kuni davlat tashrifi bilan Seul shahriga borgan Prezident Shavkat Mirziyoyevni Koreya Respublikasida mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar kutib oldi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashib, ularning faoliyati, o‘qishi va kelajak rejalari bilan qiziqqan.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda kechayotgan yangilanishlar, vatandoshlarning orzu-intilishlari hamda tashrif doirasida bo‘lajak tadbirlarning ahamiyati haqida fikr almashilgan.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev ularga ish va o‘qishida muvaffaqiyatlar tilab, Koreyada egallanayotgan zamonaviy bilim, ko‘nikma va tajriba kelgusida O‘zbekiston ravnaqi va xalqining farovonligiga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva hamrohligida davlat tashrifi bilan Seul shahriga yetib borgandi. Mazkur rasmiy tashrif doirasida davlat rahbari O‘zbekiston – Koreya biznes forumining ochilishida nutq so‘zlaydi. Shuningdek, 16 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ishtirok etadi.
Live
Barchasi