Shavkat Mirziyoyev Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 noyabr kuni Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining vazirlar darajasidagi konferensiyasida ishtirok etish uchun Toshkent shahrida bo‘lib turgan Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriyani qabul qildi.

Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatning Jahon bojxona tashkiloti bilan konstruktiv hamkorligi tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zbekiston 1992 yildan buyon ushbu nufuzli xalqaro tuzilma a’zosidir. O‘tgan davrda O‘zbekiston bojxona organlarining huquqiy bazasini shakllantirish, infratuzilmasini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shma tadbir va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Keyingi yillarda, avvalo, bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish, malakali kadrlarni, jumladan, tashkilotning Bryusseldagi bosh qarorgohi negizida tayyorlash kabi yo‘nalishlarda o‘zaro almashinuvlar sezilarli faollashgani kuzatilmoqda.

Uchrashuvda  xalqaro standartlarni joriy etish asosida bojxona organlari salohiyatini oshirish, bojxona maskanlarini zamonaviy kompleks va uskunalar bilan jihozlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashni kuchaytirish, xorijdagi yetakchi markazlarda mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

O‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni birgalikda ishlab chiqish va tez fursatda qabul qilishga kelishib olindi.

Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarning natijadorligini, shuningdek, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatni yuksak baholadi.

Kunio Mikuriya O‘zbekiston bojxona organlarini isloh qilishni davom ettirishda va mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda tashkilot bundan buyon ham ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Jahon bojxona tashkiloti

Baholaganlar

11

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing