Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 iyul kuni Yangi Toshkent shahrida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. Bu haqda mamlakat yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari dastlab Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasida bo‘lgan hamda u yerda Prezidentga shaharning keng ko‘lamli maketi va raqamli xaritasi asosida qurilishlarning umumiy borishi, yirik ob’ektlarning o‘zaro joylashuvi hamda navbatdagi bunyodkorlik rejalari haqida axborot berilgan.

Tanishuvda, transport va muhandislik infratuzilmasini qurilishlar bilan uyg‘un rivojlantirish, yashil hududlar va jamoat makonlarini o‘zaro bog‘lash, Yangi Toshkentni poytaxtning amaldagi hududi bilan uzviy bog‘lash masalalari ko‘rib chiqilgan. Barcha loyihalarni yaxlit shaharsozlik konsepsiyasi asosida, yuqori sifat va me’moriy uyg‘unlikni ta’minlagan holda amalga oshirish zarurligi ta’kidlangan.

Shundan so‘ng Prezident Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining Yangi Toshkentda barpo etilayotgan kampusini ko‘zdan kechirgan. Ma’lum qilinishicha, majmua Yangi Toshkent qurilishining birinchi bosqichi doirasida bunyod etilmoqda. Ayni paytda rektorat va ayrim fakultetlar binolarida yakuniy qurilish va pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Davlat rahbari binolarning ichki makonlari, o‘quv va ma’muriy xonalarning joylashuvi, muhandislik tarmoqlari hamda hududni obodonlashtirish ishlari bilan tanishgan. Mutasaddilar qurilishning borishi, binolarni jihozlash va kampusni foydalanishga tayyorlash choralari haqida axborot bergan.

Bildirilishicha, yangi kampus tarkibida o‘quv binolari, ilmiy laboratoriyalar, axborot-resurs markazi, elektron kutubxona, talabalar turar joylari, sport va madaniyat inshootlari bo‘ladi. Bu yerda ta’lim, ilmiy tadqiqot va talabalar hayotini bir makonda uyg‘unlashtirgan yaxlit muhit yaratiladi.

Takidlanishicha, universitetda xalqaro ta’lim standartlarini bosqichma-bosqich joriy etish, boshqaruv tizimini “Yangi O‘zbekiston” universiteti tajribasi asosida transformatsiya qilish rejalashtirilgan. O‘quv jarayonlarini zamonaviy raqamli platformalar orqali boshqarish ko‘zda tutilgan.

Keyin mamlakat yetakchisi Yangi Toshkentda barpo etilayotgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosidagi qurilish ishlarini ham ko‘zdan kechirgan.

Qayd etilishicha, mazkur ob’ekt yangi shaharning asosiy ilm-fan va ma’rifat maskanlaridan biri sifatida bunyod etilmoqda. Yangi Toshkent qurilishi, avvalo, ta’lim va ma’rifat ob’ektlaridan boshlangan bo‘lib, Milliy kutubxona ushbu konsepsiyada muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda majmuada qurilish va pardozlash ishlarining 90 foizi bajarilgan. Kutubxonani joriy yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan to‘rt qavatli bino bir vaqtning o‘zida 1 ming 420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Uning me’moriy yechimida milliy an’analar va zamonaviy uslub uyg‘unlashtirilgan.

Shuningdek, kutubxonada kitob fondlarini saqlash, hisobga olish, ularning xavfsizligini ta’minlash va zararsizlantirish uchun maxsus yuqori texnologiyali xonalar tashkil etiladi. Xalqaro va milliy yirik kutubxonalarning elektron bazalaridan onlayn foydalanish imkoniyati ham yaratiladi.

Bundan tashqari, ko‘zi ojiz fuqarolar uchun maxsus o‘quv va tadqiqot muhiti, 300 o‘rinli kafe, galereya, sport va dam olish hududlari barpo etiladi. Shu tariqa, kutubxona kitobxonlik, ilmiy izlanish va madaniy-ma’rifiy muloqotni birlashtiradigan zamonaviy markazga aylanadi.

Shavkat Mirziyoyev qurilish va jihozlash ishlarini sifatli yakunlash, kutubxona fondi, raqamli xizmatlar hamda foydalanuvchilar uchun yaratiladigan sharoitlarni o‘zaro uyg‘un holda tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Tashrifning navbatdagi manzili “Yangi O‘zbekiston” universitetining yangi kampusi bo‘lgan. Ellik gektar maydonda barpo etilayotgan majmua 10 ming nafar talabaga mo‘ljallangan. Unda fakultetlar va rektorat binolari bilan birga kutubxona, muzey, ko‘rgazma va multimedia zallari, sport majmuasi, suzish havzasi hamda talabalar turar joylari joylashadi. Yangi kampusda ta’lim, ilmiy tadqiqot, innovatsiya va talabalar hayotini yagona muhitda uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Shu bilan birga, Yangi Toshkentda barpo etilayotgan zamonaviy futbol stadionidagi qurilish ishlari ham ko‘zdan kechirilgan. 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan ushbu arena qurilishi 2025 yil noyabr oyida boshlangan. Ayni paytda bunyodkorlik ishlarining 65 foizi bajarilgan.

Stadion 2027 yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining asosiy arenasi sifatida xizmat qiladi. Bu yerda musobaqaning yarim final va final uchrashuvlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, olti qavatli sport majmuasi FIFA’ning barcha talablariga muvofiq barpo etilmoqda. Unda sportchilar, muxlislar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi. Tomoshabinlarning qulay harakatlanishi uchun 10 dan ortiq eskalator o‘rnatiladi. Stadion hududida uchta mashg‘ulot maydoni va 5 ming 500 o‘rinli avtoturargoh tashkil etiladi. Arena yaqinida metro bekati ham barpo qilinadi.

Inshootning me’moriy qiyofasida zamonaviy uslub va milliy an’analar uyg‘unlashtirilgan. Qurilishda “yashil energiya”, “aqlli boshqaruv” va ekologik barqarorlik tamoyillariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ko‘zdan kechirish jarayonida davlat rahbari qurilish ishlarini belgilangan muddatda va yuqori sifat bilan yakunlash, stadionni transport tizimi hamda Yangi Toshkentning umumiy shaharsozlik muhiti bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Eslatib o‘tamiz, 22 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahrida axborot xavfsizligi va raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan “Cyber University” davlat universiteti faoliyati bilan tanishgan edi.


Doʻstlaringiz bilan ulashing