Shavkat Mirziyoyev yangi farmonni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazib borishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Keyingi yillarda mamlakatimizda qadimiy va boy tariximiz, milliy o‘zligimiz, betakror qadriyat va an’analarimiz timsoli bo‘lgan xalq amaliy san’atini rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish va shu asosda O‘zbekistonning bu sohadagi ulkan salohiyat va imkoniyatlarini dunyoga namoyon etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi vaqtda hunarmandchilik san’ati xalqimiz kundalik hayotidan tobora mustahkam o‘rin egallamoqda. Mamlakatimizda har yili mazkur yo‘nalishda yuzdan ziyod festival va yarmarkalar, savdo ko‘rgazmalari va boshqa tadbirlar o‘tkazilayotgani ham shundan dalolat beradi.

Shahrisabzda maqom, Termizda baxshichilik san’atiga bag‘ishlangan xalqaro festivallar, Buxoro shahrida “Ipak va ziravorlar”, Marg‘ilonda “Atlas bayrami” anjumanlari o‘tkazib kelinayotgani, ularda dunyoning ko‘plab davlatlaridan madaniyat va san’at namoyandalari, bu yo‘nalishda o‘zining ilmiy ishlari, amaliy faoliyati bilan tanilgan olimlar va mutaxassislar ishtirok etayotgani diqqatga sazovordir.

Joriy yil 10-15 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida YUNESKO shafeligida birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkazilgani, Jahon hunarmandlar tashkiloti tomonidan ushbu shaharga “Jahon hunarmandlari shahri” maqomi berilgani o‘zbek xalq amaliy san’atining xalqaro miqyosdagi yuksak e’tirofi bo‘ldi.

Jahon xalq amaliy san’atini, uning ajralmas qismi bo‘lgan o‘zbek milliy hunarmandchiligini asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgan ana shunday ezgu ishlar ushbu bebaho boylikni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, bu yo‘ldagi sa’y-harakat va imkoniyatlarimizni birlashtirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlash lozim.

Ana shu omillarning barchasini e’tiborga olib hamda mamlakatimizda xalq amaliy san’atini rivojlantirish, uning milliy qadriyatlarimiz davomiyligini saqlash, ularni keng targ‘ib etish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi o‘rnini va ahamiyatini yanada oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Farg‘ona viloyati hokimligining har ikki yilda bir marta sentyabr oyida Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivalini (keyingi o‘rinlarda – festival) hamda festival doirasida “Hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyani (keyingi o‘rinlarda – Ilmiy-amaliy konferensiya) o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Quyidagilar:

a) festivalning asosiy vazifalari etib belgilansin:

O‘zbekistonning milliy hunarmandchilik an’analarini davom ettirish, hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, boy madaniy merosini dunyo hamjamiyati o‘rtasida targ‘ib etish va shu orqali jahondagi turli milliy madaniyat va qadriyatlarni yaqinlashtirish;

milliy hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati sohasining xalqaro obro‘-e’tiborini mustahkamlash, “Qo‘qon – Jahon hunarmandchilik shahri” brendini keng targ‘ib etish hamda mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini oshirish;

jahon xalq amaliy san’atini asrab-avaylash va rivojlantirish, ushbu bebaho boylikni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish hamda bu yo‘ldagi sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish;

yoshlarni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning zamonaviy bilimlar bilan birga, xalq amaliy san’atining nazariy va amaliy jihatlarini puxta egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratish;

b) ilmiy-amaliy konferensiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

hunarmandchilik sohasidagi muammolarni xorijiy olimlar, ekspert va mutaxassislar ishtirokida muhokama qilish hamda bu borada nazariy va amaliy tajriba almashish;

hunarmandchilik yo‘nalishida foydalanilmayotgan imkoniyat va resurslarni aniqlab, sohani rivojlantirish istiqbollarini belgilash;

hunarmandchilik sohasida madaniy va tarixiy jihatdan chuqur izlanishlar olib borish, ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish va amalga oshirilayotgan tadqiqotlar natijalarini ommalashtirish.

3. Belgilab qo‘yilsinki, festival va ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladigan yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligining takliflari asosida ushbu tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan tashkiliy chora-tadbirlarni ko‘zda tutadigan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinadi.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda:

a) festival va ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarga munosib tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha manzilli “yo‘l xaritasi”ni tegishli yil fevral oyida ishlab chiqib, amalga oshirish tizimini joriy etsin;

b) festivalga iqtidorli hunarmandlar va iste’dodli yoshlarni jalb etish maqsadida “Men Qo‘qonga boraman” shiori ostida ikki bosqichdan iborat quyidagi ko‘rgazma va ko‘rik-tanlovlarni tashkil etsin:

birinchi bosqich – tuman (shahar)lar bo‘yicha festival va ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladigan yilning aprel oyida;

ikkinchi bosqich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha festival va ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladigan yilning iyun oyida.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi:

Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda festival va ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladigan yilning fevral oyida ushbu tadbirlarning maqsad va vazifalarini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlashni;

tasdiqlangan chora-tadbirlar asosida festival va ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borishni ta’minlasin.

6. Quyidagi rahbar va mutasaddilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov – festival va ilmiy-amaliy konferensiyani tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha ko‘zda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (A.Ikramov), Madaniyat vazirligi (B.Sayfullayev), Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Akkulov) – tadbirlar dasturini ishlab chiqish va ularni uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etish hamda Internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish;

Farg‘ona viloyati hokimligi (Sh.G‘aniyev) – Qo‘qon shahrida keng ko‘lamdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, festival va ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladigan maydon va hududlarni talab darajasida tayyorlashni ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Akkulov), Farg‘ona viloyati hokimligi (Sh.G‘aniyev) –festival va ilmiy-amaliy konferensiya qatnashchilari va mehmonlar uchun mehmonxonalardan joy ajratish choralarini ko‘rish;

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (B.Sayfullayev), Savdo-sanoat palatasi (A.Ikramov) – tadbirlarning tantanali ochilish marosimini tashkiliy va badiiy jihatdan har tomonlama puxta tayyorlash uchun yuksak professional mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, usta hunarmandlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh san’atkorlarni keng jalb etishni ta’minlash yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.

7. “O‘zbekkino” milliy agentligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda festivalni targ‘ib qiladigan qisqa va to‘liq metrajli hujjatli filmlarni ishlab chiqsin va ularning namoyish etilishini tashkil qilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qurilish vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturda 2021 yilda festivalni yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha zarur infratuzilma ob’ektlarini, shu jumladan, zamonaviy mehmonxona qurilishini inobatga olsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda “Hunarmand” uyushmasi hunarmandchilik sohasini yanada rivojlantirish borasidagi huquqiy bazani mustahkamlash maqsadida, uch oy muddatda tajribali hunarmandlarni jalb etgan holda, xorijiy tajribani o‘rganib, O‘zbekiston Respublikasining “Hunarmandchilik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunini qabul qilish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 3 oktyabr


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev festival' hunarmandchilik

Baholaganlar

32

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing