Shavkat Mirziyoyev “O‘zgarish”dagi o‘zgarishlar bilan tanishdi

Jamiyat

image

Bugun, 4 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Sergeli tumanidagi “O‘zgarish” mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari hamda yerusti metro yo‘nalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar bugun mahallalar qiyofasida, odamlarning kundalik hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. O‘zgarish mahallasi bu boradagi yangilanishlarning yorqin namunasi. Ushbu hududda 45 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 620 ta xonadon mavjud. Ularda 6 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Mahallada yillar davomida to‘planib qolgan muammolar bosqichma-bosqich hal etilib, zamonaviy infratuzilma va qulay ijtimoiy muhit yaratilgan. Xususan, 10 ta bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni, 2 ta salomatlik hududi barpo etilgan.

Davlat rahbari mahallada tashkil etilgan zamonaviy kogeneratsiya markazi faoliyati bilan ham tanishgan.

Qayd etilishicha, ushbu markaz kuz-qish mavsumida mahallaning issiqlik va elektr energiyasi ta’minoti barqarorligiga xizmat qiladi. Kogeneratsiya texnologiyasi orqali tabiiy gazdan avval elektr energiyasi olinadi, so‘ng ajralgan issiqlik suv va xonadonlarni isitishga yo‘naltiriladi. Bu energiya samaradorligini oshirib, isrofgarchilikni kamaytiradi.

Loyihaning umumiy qiymati 5,8 million dollarni tashkil etadi. Bu yerga Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy gaz-porshenli qurilmalar va qozonlar o‘rnatilgan. Markaz yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 80 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega.

Loyiha doirasida 2 kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr liniyasi qurilib, umumiy tarmoqqa ulandi. Natijada tuman markaziy elektr tarmog‘idagi yuklama 3 foizga kamaygan. Markaz ishga tushishi bilan 10 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.

Shu bilan birga, mahallaning umumiy infratuzilmasi ham tubdan yangilangan. 1,4 kilometr piyodalar yo‘laklari barpo etilgan, 12 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismi ta’mirlangan, ichki yo‘llarga asfalt yotqizilgan. Hududni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2 ming 720 tup manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan.

Prezident “mahalla yettiligi” va hudud faollari bilan samimiy suhbatlashgan. Bu yerdagi o‘zgarishlar aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, mahallani obod va xavfsiz maskanga aylantirishga qaratilgan ishlar natijasi ekani ta’kidlangan.

“Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarimiz aynan mana shu Sergeli tumanidan boshlangan edi. O‘z vaqtida bu hududga zamonaviy metro liniyasini olib kelish tashabbusini ilgari surganimizda, ushbu yirik loyihaning istiqboliga shubha bilan qaraganlar ham bo‘lgani sir emas.

Biroq bugun mana shunday ko‘rkam va obod maskanlarni, eng muhimi, siz kabi aziz yurtdoshlarimizning mamnun chehralarini ko‘rib, tanlagan yo‘limiz qanchalik to‘g‘ri bo‘lganiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.

Bugungi tashrifimizdan maqsad ham sizlar bilan bevosita muloqot qilish, taklif va tashabbuslaringizni tinglashdir”, deydi Prezident.

Davlat rahbari yo‘l-yo‘lakay Sergeli tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati bilan ham tanishgan.

Zamonaviy shaharsozlikda mavjud infratuzilmadan oqilona foydalanish, bo‘sh maydonlarni aholi uchun qulay, iqtisodiyot uchun samarali maskanlarga aylantirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda yer usti metro yo‘li ostidagi 5,7 gektar maydon tubdan yangilangan.

Bu yerda 137 ta tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, 250 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Metro ostida 4 kilometr piyodalar va velosiped yo‘lagi, 2 ta bolalar maydonchasi va sport zonalari tashkil qilingan. Aholi hordiq chiqarishi uchun 100 ta o‘rindiq va 40 ta zamonaviy manzarali chiroq o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanining “Ittifoq” mahallasidagi Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati bilan tanishgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing