Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston terma jamoasini JCHga kuzatib qo‘ydi

Jamiyat

image

Bugun, 22 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini 2026 yilgi jahon chempionatiga kuzatish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Marosim avvalida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari maydonda saf tortgan.

Davlat rahbari stadionda to‘plangan yurtdoshlar, futbol muxlislari, milliy terma jamoa a’zolari, murabbiylar shtabi va sport jamoatchiligi vakillarini katta futbol bayrami bilan tabriklagan.

Bugungi kun o‘zbek futboli uchun yana bir tarixiy sana ekani, milliy terma jamoamiz AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida o‘tadigan jahon chempionatiga katta ishonch va ezgu tilaklar bilan kuzatilayotgani ta’kidlangan.

Davlat rahbari futbolchilar mamlakatga unutilmas quvonchli kunlarni taqdim etganini ta’kidlab, ularga, ularni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalariga, ustoz va murabbiylariga, terma jamoamizning barcha a’zolariga butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirgan.

Marosimda futbol muxlislarining milliy jamoaga bo‘lgan mehri va sadoqati alohida e’tirof etilgan. Prezident g‘alaba onlarida ham, qiyin damlarda ham futbolchilar bilan birga bo‘lib, ularni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan yurtdoshlarga rahmat aytgan.

Fan-klublar faoliyati ham alohida qayd etilgan. Ta’kidlanganidek, ular terma jamoa o‘yinlarini nafaqat tribunadan kuzatmoqda, balki har bir bahsda o‘zbekona, betakror uslubi bilan “o‘n ikkinchi o‘yinchi” vazifasini munosib bajarib kelmoqda. Davlat rahbari ular jahon chempionatida ham minglab yurtdoshlar va xorijdagi vatandoshlar bilan birga futbolchilarni qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirgan.

Davlat rahbari milliy terma jamoa a’zolariga murojaat qilib, xalq ularga oq fotiha berib, katta mundialga kuzatayotganini ta’kidlagan. Oldinda Portugaliya, Kolumbiya va Kongo terma jamoalari bilan muhim o‘yinlar kutib turgani, futbolchilar katta kuch-g‘ayrat va ishonch bilan maydonga chiqishi zarurligi qayd etilgan.

“Shuni bilingki, biz doim sizlar bilanmiz. Haqiqiy o‘zbekona jasorat, matonat va irodangiz bilan chiroyli va ishonchli o‘yin ko‘rsatib, barchamizni xursand qilasiz deb ishonamiz”, degan Prezident.

Nutq yakunida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangragan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari bilan esdalik suratiga tushgan. Tadbir yakunida milliy terma jamoaning nazorat uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev milliy terma jamoasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing