Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabrikladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi. Unda shunday deyiladi:

Qadrli yurtdoshlar!

Qalblarimiz fayzu ilohiy shukuhga to‘lib turgan ushbu ulug‘ kunda yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni tinchlik, shukronalik, mehr-oqibat va saxovat ramzi bo‘lgan muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklab, o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.

Fursatdan foydalanib, mana shu tabarruk ayyomni bayram qilayotgan yer yuzidagi barcha musulmon ummatiga, xorijiy do‘stlarimiz va hamkorlarimizga xalqimiz nomidan samimiy salom va tabriklarimizni yo‘llaymiz.

Bu yilgi Qurbon hayiti Vatanimiz mustaqilligining shonli 30 yillik tarixiy sanasi arafasida o‘tayotgani uning betakror ruhi va ko‘rku tarovatini yanada ziyoda etmoqda.

Mustaqil yurtda buyuk maqsadlar bilan tinch va osoyishta yashash, halol mehnat qilish muqaddas dinimizning ezgu g‘oyalariga har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.

So‘nggi yillarda el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan barcha soha va tarmoqlar qatori muqaddas dinimiz, milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash, rivojlantirish va targ‘ib etish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Ulug‘ ulamolarimizning benazir ilmiy merosini chuqur o‘rganish, dinimizning insonparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan ezgu an’analarini munosib davom ettirish maqsadida mamlakatimizning bugungi yangi taraqqiyot bosqichida islom ma’naviyati rivojiga ulkan e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi va Mir Arab oliy madrasasi kabi yangi muassasalarning tashkil etilgani, hadis, kalom, fiqh va tasavvuf maktablariga asos solingani, o‘nlab yangi masjidlar va ziyoratgohlar qurilayotgani hamda ta’mirlanayotgani bu boradagi ishlar ko‘lami nechog‘li keng ekanidan dalolat beradi.

Bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va erkinliklari qatorida diniy sohadagi talab va ehtiyojlari ham to‘liq ta’minlanmoqda. Bu haqda gapirganda, yaqinda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganini alohida ta’kidlash lozim.

Muhtaram vatandoshlar!

Barchamizga ayonki, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni mustahkam qaror toptirishning eng muhim tamoyillaridan biri ijtimoiy va diniy bag‘rikenglikdir. Yurtimizda turli konfessiyalar vakillari yagona oila bo‘lib, do‘stlik va hamjihatlik muhitida yashayotgani, jonajon Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgani bizning eng katta boyligimizdir.

Ma’lumki, xalqimiz asrlar davomida diniy va dunyoviy ilmlarni o‘zaro uyg‘un rivojlantirish borasida noyob tajriba maktabini yaratgan. Bu fikrning amaliy tasdig‘ini o‘zining beqiyos ilmiy kashfiyotlari, ma’naviy-ma’rifiy tafakkuri bilan jahon ahlini hayratda qoldirgan ulug‘ olimlar va ulamolarimizning bebaho merosi misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Bugungi kunda ana shunday nodir ma’naviy xazinani chuqur o‘rganish borasida yanada katta imkoniyatlar ochilmoqda.

Ishonchim komilki, ikki dunyo saodatiga erishishdek ulug‘ orzu-niyatlar bilan yashayotgan olijanob xalqimiz unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalashda ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, ulkan yutuqlarga albatta musharraf bo‘ladi.

Qadrli va muhtaram vatandoshlarim!

Hozirgi murakkab pandemiya davrida diniy ibodatlarni uy sharoitida ado etish bo‘yicha ko‘pni ko‘rgan ulamolarimiz tomonidan bildirilgan taklif, hech shubhasiz xalqimizning hayoti va salomatligini asrashga qaratilgan eng to‘g‘ri qarordir.

Ushbu ulug‘ ayyom kunlarida barchamiz Qodir Allohdan butun insoniyat boshidan kechirayotgan bunday og‘ir sinovlarni yengib o‘tishda O‘zi madadkor bo‘lishini so‘raymiz.

Siz, azizlarni muborak Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga Alloh taolodan sihat-salomatlik, baxtu saodat, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.

Duogo‘y keksalarimizning ezgu tilaklari ijobat bo‘lsin!

Yoshlarimizning baxtini, kamolini bersin!

Yurtimiz doimo tinch, xalqimiz hamisha sog‘-omon bo‘lsin!


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

16

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing