Shavkat Mirziyoyev Trampga an’anaviy o‘zbek shiyponlarini sovg‘a qildi
Jamiyat
−
16:15 3130 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampga an’anaviy o‘zbek ayvonlarini sovg‘a qildi. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.
AQSH Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondan yuborilgan ayvonlar Amerika tomonidan qabul qilib olingan. Donald Tramp ushbu sovg‘ani Amerika xalqi nomidan qabul qilgan.

An’anaviy o‘zbek uslubida tayyorlangan va nafis yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan ayvonlar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ramzi sifatida park hududida o‘rnatiladi. Tashrif buyuruvchilar ularni kuz oylarida ko‘rishlari mumkin bo‘lishi kutilmoqda.

Ayvonlar AQSHda amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Amerika milliy qahramonlari parki” loyihasi doirasida G‘arbiy Potomak parkiga o‘rnatiladi. Ushbu loyiha doirasida 250 ga yaqin mashhur amerikaliklarning haykallari, shuningdek, restoranlar, amfiteatr va boshqa ob’ektlar barpo etilishi nazarda tutilgan.

AQSH Ichki ishlar vazirligi vakili Keti Martining aytishicha, an’anaviy o‘zbek shiyponlari ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam aloqalar ramzi bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekistonning AQSHdagi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat Siddiqov ham sovg‘alar AQSHga yetib borganini tasdiqlagan.
“Vashingtondagi “Amerika milliy qahramonlari parki”da o‘zbek san’atini ko‘rishdan faxrlanaman. O‘zbekiston Prezidentining AQSH Prezidentiga va Amerika xalqiga sovg‘asi bo‘lgan ikkita an’anaviy o‘zbek ayvoni (shiyponi) do‘stligimiz va strategik sherikligimiz ramzi bo‘lib xizmat qiladi”, deb yozdi Siddiqov o‘zining X’dagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Qatar tomonidan sovg‘a qilingan yangi prezident samolyotini jamoatchilikka taqdim etgandi.
Live
Barchasi