Shavkat Mirziyoyev so‘z va matbuot erkinligi ortga qaytmasligini aytdi
Jamiyat
−
31 avgust 2020
6501O‘zbekiston o‘z zimmasiga olgan barcha xalqaro majburiyatlar va kelishuvlarni to‘liq bajarib kelmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 31 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tgan marosimdagi nutqida gapirdi.
“Taraqqiyot kushandasi bo‘lmish illat – korrupsiya qarshi mamlakatimizda keng ko‘lamli kurash olib borilmoqda. Shu borada yangi tuzilma, korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etganimiz, bu masalaning dolzarbligi va doimiy e’tiborimizda bo‘lishidan dalolat beradi”, deydi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, mamlakatda so‘z va matbuot erkinligi, shuningdek, jamoatchilik nazorati borasida boshlangan ishlar ortga qaytmaydi.
“Jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini chuqur qaror toptirish, davlat hokimiyati, idoralari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz ortga qaytmas tus olganini bugun yana bir bor ta’kidlamoqchiman”, deydi Prezident.
Davlat rahbari so‘zida davom etarkan, rasmiy Toshkent xalqaro majburiya va kelishuvlarni bajarib kelayotganini aytdi.
“Barchangiz xabardorsiz. Hozirgi murakkab sharoitga qaramasdan biz zimmamizga olgan barcha xalqaro majburiyatlar va kelishuvlarni to‘liq bajarib kelmoqdamiz. Xorijiy sheriklarimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni faol rivojlantirmoqdamiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident koronavirusga qarshi kurashda O‘zbekistonga amaliy yordam ko‘rsatgani uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, shuningdek, Xitoy, Rossiya, AQSH, Turkiya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya, Yaponiya va boshqa hamkor davlatlarga O‘zbekiston xalqi nomidan minnatdorlik bildirdi.
Qolaversa, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga tashakkurini izhor qildi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr