Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi

Jamiyat

image

Bugun, 7 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.

"Qadrli do‘stlar!  

Avvalo, o‘z hayotini el-yurt salomatligini asrashdek g‘oyat mas’uliyatli va sharafli ishga bag‘ishlagan siz, azizlarni kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan mamnunman.

Xalqimiz sizlarni dunyodagi eng ulug‘ kasb egalari, muqaddas qasamyodiga sodiq, o‘z ishiga fidoyi insonlar deb biladi va mashaqqatli mehnatingizni yuksak qadrlaydi. 

Ayniqsa, hozirgi murakkab pandemiya sharoitida chinakam salomatlik posbonlari bo‘lib maydonga chiqayotganingiz har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir. 

Ushbu xavfli kasallikka chalingan ming-minglab yurtdoshlarimizning shifo topib, oilasi bag‘riga qaytayotganida, hech shubhasiz, sizlarning beqiyos xizmatlaringiz bor. 

Fursatdan foydalanib, bu mashaqqatli kurashning oldingi saflarida turib, o‘z hayotini xavf-xatarga qo‘yib, jasorat va matonat namunasini ko‘rsatib kelayotgan barcha tibbiyot xodimlariga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli tibbiyot xodimlari! 

Biz o‘z oldimizga xalqimizni har tomonlama rozi qilishdek ulug‘ vazifani qo‘ygan ekanmiz, bu maqsadga erishish yo‘lida  sog‘liqni saqlash tizimini jadal rivojlantirishga birinchi darajali ahamiyat qaratmoqdamiz.

Keyingi to‘rt yilda bu borada sizlar bilan birga ulkan ishlarni amalga oshirdik. Bu davrda sohaga doir 200 ga yaqin me’yoriy-huquqiy hujjat, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinganini qayd etish lozim. 

Yurtimizda birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan xizmatlar takomillashib bormoqda. Onalar va bolalar o‘limining oldini olish, kasalliklarni barvaqt aniqlash, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy madaniyatni oshirish, aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasini uzaytirish bo‘yicha sezilarli natijalar qo‘lga kiritilmoqda. 

Ma’lumki, 2020 yil O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun mislsiz sinov, ayni vaqtda izchil rivojlanish, yangi tajriba orttirish yili bo‘ldi. 

Soha rivoji uchun davlat byudjetidan 14,8 trillion so‘m yoki 2019 yilga nisbatan 1,2 barobar ko‘p mablag‘ ajratilgani, shuningdek, Investitsiya dasturiga muvofiq ushbu tizimga 1,15 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, katta ishlarni amalga oshirish imkonini berdi. Jumladan, markazda va joylarda qisqa muddatda davolash-profilaktika muassasalari, karantin zonalari hamda saralash-taqsimlash markazlari barpo etildi, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 4 ming o‘rinli ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona ishga tushirildi. 

O‘z vaqtida ko‘rilgan bunday chora-tadbirlarimiz bugun ijobiy natija berayotganini alohida ta’kidlash lozim.

Ayni vaqtda reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar hamda bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish maqsadida zamonaviy tibbiyot markazlari, xususan, Toshkent shahrida Ikkinchi perinatal markaz, ilg‘or tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan, yiliga 1500 dan ziyod murakkab tibbiy amaliyotni bajarish imkonini beradigan Bolalar milliy tibbiyot markazi foydalanishga topshirildi.

Soha xodimlarining mehnatini munosib rag‘batlantirish, oylik maoshlarini ko‘paytirish, pandemiya sharoitida ishlayotgan shifokorlarga qo‘shimcha haq to‘lash bo‘yicha yangi tizim joriy etildi. 

Bu yil olis qishloq va ovullarda 798 ta oilaviy poliklinika tashkil etilib, ularda ijtimoiy dorixona, kechayu kunduz ishlaydigan tez tibbiy yordam shoxobchasi, ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ham muhim ishlarimiz qatoriga kiradi. Shuningdek, akusher-ginekolog, xirurg, stomatolog, terapevt, pediatr kabi 5 ta yo‘nalishdagi tor soha mutaxassislari faoliyatini yo‘lga qo‘yish hisobidan qishloq ahliga malakali ambulatoriya yordami ko‘rsatadigan tizim ish boshladi. 

Keyingi yillarda respublikamizda ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining umumiy soni 18 taga yetkazildi, hududlarimizda ularning 18 ta filiali tashkil etildi. Ushbu markazlarda buyrak va jigar transplantatsiyasi bilan bog‘liq murakkab operatsiyalar o‘tkazilmoqda. Hatto viloyatlarimiz markazlarida ham ochiq yurakda kardiojarrohlik operatsiyalari amalga oshirilmoqda.

Hozirgi vaqtda yurtimizda 5805 ta xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tibbiy xizmat sifatini oshirish va raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda 70 dan ortiq xususiy tibbiyot muassasasi koronavirus infeksiyasi bo‘yicha laboratoriya xizmatlarini ko‘rsatish, 25 ta shunday klinika esa diagnostika va davolash bilan shug‘ullanmoqda. Aytish kerakki, xususiy sektorni kuchaytirish borasidagi ishlarimiz bugungi murakkab vaziyatda o‘zini to‘la oqlamoqda.

Davlat-xususiy sheriklik tizimi asosidagi tibbiy ob’ektlar soni ham ko‘payib bormoqda. Joriy yilda umumiy qiymati 51,4 milliard so‘mni tashkil etadigan 9 ta davlat-xususiy sheriklik hamda 187 ta autsorsing shaklidagi loyihalar amalga oshirilgani ham shundan dalolat beradi.

Respublikamizda Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etganimizdan xabaringiz bor. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi 150 ta zamonaviy “Ford” tibbiy yordam avtomashinasi bilan ta’minlandi. Natijada yurtimiz bo‘yicha tez tibbiy yordam avtomashinalari soni 2514 taga yetdi. Eng muhimi, mazkur tizimda xizmat sifati yaxshilanib bormoqda.

Mamlakatimizda birinchi marta Gemodializ xizmatlari bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqilib, hozirgi kunda uni amalga oshirishga kirishildi. 

Yana bir muhim masala – soha uchun yuksak malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu borada 2020 yilda tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari bakalavriat bosqichi uchun 27 foiz, magistratura yo‘nalishida 28 foiz va klinik ordinatura tizimida 22 foizga oshirilgani va yangi mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani g‘oyat muhim ahamiyatga egadir.

Hozirgi vaqtda Germaniya, Italiya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Belarus, Ukraina kabi davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda talabalar zarur mutaxassisliklar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida o‘qitilmoqda.

Muhtaram soha xodimlari!

Albatta, sog‘liqni saqlash tizimidagi barcha islohotlarimiz natijasi avvalo hurmatli shifokor va hamshiralar, yoshlarga tibbiyot sirlarini o‘rgatayotgan professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlarning fidokorona mehnati, mahorat va tajribasiga bog‘liq ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz. 

Tibbiyot xodimlari kuni arafasida o‘tkazilgan katta anjumanda sizlar bilan birga mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini bugungi kun talablari asosida rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish, profilaktika ishlarini kuchaytirish, ayniqsa, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng joriy etish, diagnostika va davolash jarayonlariga raqamli texnologiyalar, innovatsion yondashuvlarni tatbiq qilish bilan bog‘liq eng muhim va dolzarb vazifalarni belgilab oldik. 

Butun xalqimiz qatori bugungi og‘ir sinovlardan mardona o‘tayotgan, zamonamizning chinakam qahramonlari bo‘lgan siz, tibbiyot xodimlari ana shunday mas’uliyatli vazifalarni ado etishda faol ishtirok etib, barchaga o‘rnak va namuna bo‘lasizlar, deb ishonaman. 

Sizlarning mashaqqatli va olijanob mehnatingizni munosib qadrlash, tizim uchun malakali kadrlar tayyorlash, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasining raqobatbardoshligini oshirish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xorijiy tibbiyot markazlari bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish, telemeditsinani rivojlantirish  masalalari bundan buyon ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Sizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Qo‘lingiz dard ko‘rmasin, hamisha sog‘-omon bo‘ling, aziz shifokorlar!", dedi Respublika rahbari Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev sog'liqni saqlash tizimi

Baholaganlar

82

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing