Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitida qatnashish uchun Bishkekka boradi
Jamiyat
−
19:31 584 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 31 avgust – 1 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi hamda “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sammit kun tartibidan SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va tashkilot faoliyatini takomillashtirishga oid dolzarb mavzular o‘rin olgan. Xalqaro va mintaqaviy hamkorlik masalalari ham muhokama qilinadi.
Yig‘ilish yakunida SHHTning 25 yilligiga bag‘ishlangan Bishkek deklaratsiyasi hamda xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, ekologiya, sun’iy intellekt, madaniy-gumanitar almashinuv va hamkorlikning boshqa ko‘plab yo‘nalishlarida sheriklikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.
Sammit doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Bildirilishicha, tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston yetakchisi VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimida ham ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvaloq Qirg‘izistonning poytaxti Bishkek shahrida SHHTning navbatdagi oliy darajadagi sammitida nimalar kutilayotgani va tayyorgarlik qanday bo‘layotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi