Shavkat Mirziyoyev Sardobaga yetib bordi
Jamiyat
−
01 may 2020
11763O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatining suv ombori yorilgan Sardoba tumaniga zudlik bilan yetib bordi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” lavhasida ma’lum qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Sardobadagi vaziyat bilan tanishib, faollar bilan uchrashgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 1 may kuni soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Natijada Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan.
Bunda, asosan, suv ekin maydonlariga zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi. Qayd etish joiz, Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB) va Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat quyi tizimiga (FVDT) kiruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda Sardoba tumani “Qo‘rg‘ontepa” MFY suv omborining atrofidagi qator aholi yashash punktlari Mirzaobod tumaniga evakuatsiya qilindi. Xususan, "Qo‘rg‘ontepa", "Do‘stlik", "Yurtdosh" MFYlardan jami 11598 nafar aholi shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, suv bosish xavfi bo‘lgan “Quytosh”, “Ota yurt”, “Birlik” MFYlaridan aholini evakuatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Mazkur tadbirlarga Sirdaryo viloyati FVBdan 430 nafar shaxsiy tarkib va 5 avtotexnika, Jizzax viloyati FVBdan nafar 120 shaxsiy tarkib, 6 ta avtotexnika, MVBRQMdan nafar 60 shaxsiy tarkib, 6 ta avtotexnika, MGdan nafar 276 shaxsiy tarkib, 43 avtotexnika hamda hududiy FVDT xizmatlari jalb etildi.
Jabrlangan va halok bo‘lganlar bo‘yicha ma’lumot kelib tushmagan.
Avvalroq, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va qator rahbarlar ham evakuatsiya ishlarini muvofiqlashtirish uchun voqea joyiga yetib borgani xabar berilgandi.
"Sardoba" suv ombori gidroinshootida 922 million kub metr suv to‘planadi. Bu Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi unumdor yerlardan foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish imkonini beradi.
LiveBarchasi