Shavkat Mirziyoyev Samarqandda 2,4 mlrd dollarlik loyihalarga start berdi
Jamiyat
−
16:23 4819 3 daqiqa
Bugun, 18 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida hududda yirik loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbir doirasida viloyatda oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo va farmatsevtika, qurilish materiallari, metall va mebel sanoati sohalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etilgan. Davlat rahbari hududning zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, ilg‘or texnika va texnologiyalari, sanoat mahsulotlari bilan tanishgan.
Samarqand viloyati mamlakat iqtisodiyotida strategik o‘ringa ega hudud sifatida barqaror rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda bu yerda sanoat hajmi izchil o‘sib, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti mahalliy hamda xorijiy sarmoyalarni keng jalb etishga mustahkam zamin yaratgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarning soni yildan yilga ortib borayotgani bu boradagi ijobiy dinamikani yaqqol tasdiqlaydi.
Marosimda shahar va tumanlarda qariyb 7 milliard dollar investitsiya hisobiga 106 ta yangi loyiha ishga tushirish va qurilishga tayyor ekani haqida axborot berilgan. Tadbirga videoaloqa orqali yangi qurilayotgan va ishga tushirilayotgan loyihalarning mas’ullari ham ulangan.
Ushbu loyihalar viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarini qamrab olgan. Jumladan, tog‘-kon sanoati va geologiya, qurilish materiallari, avtosanoat, kimyo sanoati, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish hamda istiqbolli ob’ektlar qurilishini boshlash nazarda tutilgan.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev loyihalar ijrochilari, mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashdi, ularning taklif va tashabbuslarini tinglagan. Bu kabi loyihalar Samarqand viloyatining sanoat salohiyatini yanada mustahkamlash, ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va hududda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim omil bo‘lishi ta’kidlangan.
Shundan so‘ng davlat rahbari ramziy tugmani bosib, Samarqand viloyatidagi yirik loyihalarni ishga tushirish va yangilarining qurilishini boshlab bergan. Jumladan, Avstriya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Hindiston va Rossiya bilan hamkorlikda 2 milliard 400 million dollarlik 53 ta loyiha ishga tushgan.
Shuningdek, Niderlandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Rossiya va Eron bilan hamkorlikda 4 milliard 600 million dollarlik 53 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlangan.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga 18 mingta yangi ish o‘rni yaratish, 13 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va buning natijasida 700 million dollarlik eksport salohiyatini ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa viloyat sanoatini diversifikatsiya qilish, zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish va eksport geografiyasini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shu yerning o‘zida Prezidentga Narpay tumanida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar taqdimot qilingan.
Narpay tumanidagi 8 ta nasos stansiya DXSH asosida xususiy sektorga berilgan. O‘tgan davrda 21 ta nasos agregatlari 12,3 milliard so‘m investitsiya kiritish hisobiga yangilangani natijasida yillik energiya iste’moli 68,1 million kilovatt-soatdan 34,1 million kilovatt-soatgacha kamaytirishga erishilgan.
Umuman, Samarqand viloyatining suv xo‘jaligiga yangi ilmiy yondashuvlar joriy qilinmoqda. Bu borada ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida viloyat hokimiga ilmiy maslahatchi biriktirilmoqda. Shuningdek, sohada dual ta’lim yo‘lga qo‘yilib, 72 nafar talabaning suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, gidrotexnika va gidroenergetika, kadastr va ekologiya yo‘nalishlarida 6 oylik uzluksiz amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat rahbari bu ishlarni izchil va tizimli davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida jamoatchilik vakillari bilan birgalikda O‘zbekistonga olib kelingan yangi “Hyundai Rotem” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdida Samarqand shahridan Narpay tumaniga borgan edi. Shuningdek, Prezident Samarqand shahrida jamoat transporti uchun olib kelingan zamonaviy elektrobuslar va quvvatlash stansiyasi faoliyati bilan tanishgandi.