Shavkat Mirziyoyev oilalar daromadi qanday yo‘l bilan ko‘tarilishini ma’lum qildi
Jamiyat
−
19 may 2020
15712Bugun, 19 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 may kuni tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda pandemiya tufayli kambag‘al aholi va ishsizlar soni oshishi, oilalar daromadi kamayishi tayinligi ta’kidlandi. Shu sababli qisqa fursatda yangi ish o‘rinlari yaratish uchun kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash zarurligi aytildi.
Yig‘ilishda bu boradagi qo‘shimcha chora-tadbirlar va ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Avvalo, tadbirkorlar huquqlari kafolatlari va mulk daxlsizligini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratildi.
"Barcha hokimlarni ogohlantiraman. Birorta tadbirkorning mulki noqonuniy olib qo‘yilsa, hokim faqat ishdan ketish bilan qutulmaydi, balki qonun oldida javob beradi", deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddi idoralarga mulk daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, mulkni kompensatsiya qilish bo‘yicha tadbirkorlar foydasiga chiqarilgan sud qarorlari ijrosini to‘liq ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, tadbirkorlik muhiti har bir tuman va shahar kesimida oyma-oy tahlil va xulosa qilib boriladi. Shuningdek, Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqi va mulk daxlsizligini buzgan tuman va shahar hokimlari to‘g‘risida hukumatga ma’lumot kiritib boradi. Vazirlar Mahkamasi tadbirkorlar muammosini hal qilmagan, ular bilan yetarli darajada ishlamagan shahar va tuman hokimlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqadi.
O‘zini o‘zi band qilayotgan, qo‘lida kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Ya’ni, sartarosh, etikdo‘z, novvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksist, tarjimon, dizayner, kompyuter dasturchisi kabi o‘zini o‘zi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari daromad solig‘idan ozod qilinadi. Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun telefon orqali soliq idoralarini xabardor qilish kifoya. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida bunday fuqarolarni ro‘yxatga olish va hisobini yuritish bo‘yicha mobil ilova ishlab chiqiladi.