Shavkat Mirziyoyev Murodjon Ahmadaliyevga tabrik maktubini yo‘lladi

Jamiyat 6298
image

Avvalroq, professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev (8-0, 6 KO) ikki yo‘nalishda jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritgani, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston iftixori" unvoni bilan taqdirlagani haqida xabar bergan edik. Davlat rahbari Ahmadaliyevga tabrik ham yo‘lladi. 

"Avvalo, Seni, barcha ustoz va murabbiylaringni, butun xalqimizni boks bo‘yicha erishgan tarixiy g‘alabang bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

AQSHning Mayami shahrida ikki yo‘nalishdagi professional boks bo‘yicha amaldagi jahon chempioniga qarshi o‘tkazgan g‘oyat shiddatli va qiziqarli jangingni o‘zbekistonliklar katta hayajon va qiziqish bilan kuzatdi.

Millionlab tengdoshlaringga ibrat namunasini ko‘rsatib, yuksak mardlik va matonat bilan professional boksning ikkita eng nufuzli (WBA Super va IBF) yo‘nalishlarida shunday buyuk g‘alabani qo‘lga kiritganing, jahon boksidagi uzoq yillik rekordni yangilaganing har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir.

El-yurtimizning ishonchini oqlab, mustaqil O‘zbekiston sporti tarixida mutlaqo yangi va yorqin sahifa ochgan ushbu olamshumul zafar sohibi bo‘lgan Sen kabi jasur va vatanparvar o‘g‘lonlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz va chin yurakdan olqishlaymiz.

Murodjon o‘g‘lim, Sen ringda o‘zbek yigitlarining jismoniy, ruhiy va ma’naviy jihatdan barkamolligini, hech qachon kuragi yerga tegmagan buyuk ajdodlarning munosib vorisi ekanligini, O‘zbekiston tom ma’noda boks mamlakatiga aylanib borayotganini yana bir bor isbotlading. 

Fursatdan foydalanib, jonajon Vatanimizning bayrog‘i va shon-shuhratini xalqaro maydonlarda yanada yuksaltirish yo‘lidagi sharafli faoliyatingda ulkan omadlar, oilaviy baxt-saodat va yangi yutuqlar tilab qolaman", deb yozadi Prezident Mirziyoyev. 

Mayamida bo‘lib o‘tgan boks oqshomida Murodjon Ahmadaliyev ikki yo‘nalish chempioni bo‘lib turgan amerikalik Daniel Romangaga (27-3-1, 10 KO) qarshi ringga chiqib, 12 raund natijalariga ko‘ra, g‘olib bo‘ldi. Ikki hakam Murodjon Ahmadaliyevning 115-113 hisobidagi g‘alabasini taqdim etgan bo‘lsa, bitta hakam 115-113 hisobida Daniel Roman g‘alabasini e’tirof etdi.

Shu tariqa Murodjon Ahmadaliyev O‘zbekiston tarixida ilk marta bir yo‘la ikkita chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi. Professional faoliyatidagi 8 ta jangida 8 ta g‘alabaga erishgan Ahmadaliyev tarixiy rekordni takrorladi. Bungacha faqat Leon Spinks 8 ta jangdayoq chempionlik kamariga ega chiqqan edi.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 194
Reyting: 2.9
t
×