Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi kurashishda 5 ta muhim taklifni ilgari surdi
Jamiyat
−
10 aprel 2020
20137Avval xabar berganimizdek, bugun, 10 aprel kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining favqulodda sammiti bo‘lib o‘tdi. Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun videoanjuman tarzida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan tadbirda, shuningdek, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban hamda kengash bosh kotibi Bag‘dat Amreyev va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, pandemiyaga qarshi kurashish borasida mamlakatlarimizda ko‘rilayotgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida fikr almashildi. Tomonlar epidemiologik nazoratni ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini muhofaza qilish, murakkkab sharoitda iqtisodiyot tarmoqlari va biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdilar.
Bu boradagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, O‘zbekiston rahbari infeksiyaning keng tarqalishini oldini olish bo‘yicha ta’sirchan va keng qamrovli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, sog‘liqni saqlash tizimlari salohiyatini mustahkamlash, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va nisbatan zaif sohalari uchun oqibatlarni yumshatish, ochiq xalqaro muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligini alohida qayd etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatda koronavirusga qarshi olib borilayotgan mislsiz kurash tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiya va talablariga muvofiq joriy etilgan karantin choralari to‘g‘risida so‘zlab berdi.
O‘zbekiston hududlarida karantin zonalari va zamonaviy modul shifoxonalarini barpo etish ishlari, vrachlar uchun ijtimoiy kafolatlarni kengaytirish, masofaviy ta’limni tashkil etish, iqtisodiyot va biznesni real qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qabul qilingan choralar, O‘zbekistonda epidemiologik vaziyatni monitoring qilish va prognozlash milliy tizimi joriy etilayotgani, boshqa tadbirlar alohida qayd etildi.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oqibatlariga qarshi samarali kurashish bo‘yicha ta’sirchan amaliy choralar ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qator aniq takliflar ilgari surildi, shu jumladan:
• Turkiy kengash doirasida epidemiologik holatni monitoring, tahlil qilish va uning rivojlanishini prognozlash bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi tizim yaratish;
• xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish, diagnostika qilish va davolash sohasida tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun sog‘liqni saqlash vazirliklari va yetakchi tibbiyot muassasalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Shu maqsadda yaqin vaqtda yetakchi ekspertlar ishtirokida birinchi videoanjuman o‘tkazish;
• Turkiy kengash kotibiyatining muvofiqlashtiruvchi funksiyalarini kuchaytirish hamda pandemiyaga qarshi kurashish milliy shtabtlari bilan yaqin amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun tegishli guruh tuzish;
• transport infratuzilmasi va kommunikatsiyalaridan maksimal darajada to‘liq foydalanish, yuk tashishda va ularning soddalashtirilgan tartibda chegaradan o‘tkazilishida amaliy ko‘maklashish, tashkilotga a’zo mamlakatlarning transport vazirlari rahbarligida ishchi guruh tuzish orqali yuzaga kelayotgan barcha masalalarni tezkor hal qilish;
• pandemiya oqibatlarini yumshatishga keng xalqaro yordamni jalb etish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maqomi va vakolatlarini yanada oshirish, JSST va Turkiy kengash o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish.
O‘zbekiston rahbari so‘zining yakunida shuni alohida ta’kidladi:
“Hammamizga ayonki, biron bir davlat yakka holda ushbu pandemiya balosiga qarshi samarali kurash olib bora olmaydi.
Biz birdamlik, hamkorlik va o‘zaro g‘amxo‘rlik tamoyillari asosida ish tutishimiz lozim. Biz birgalikda ko‘p narsaga qodirmiz”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining barcha taklif va tashabbuslari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi navbatdan tashqari sammitining yakuniy hujjatida – Baku deklaratsiyasida o‘z aksini topdi.
Ushbu muhim hujjat turkiy tilli mamlakatlar rahbarlarining uchrashuvi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda siyosiy va huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
LiveBarchasi