Shavkat Mirziyoyev Koreya bilan hamkorlikni 5 ta yo‘nalishda rivojlantirishni taklif qildi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 30 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida videoanjuman shaklida o‘tkazilgan Shimoliy iqtisodiy hamkorlik ikkinchi xalqaro forumida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘ycha takliflarini berib o‘tdi. Quyida Shavkat Mirziyoyevning forumdagi nutqi to‘liq shaklda keltirilgan.

Muhtaram Rais janoblari!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Forum ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Shimoliy iqtisodiy hamkorlik ikkinchi xalqaro forumining barcha ishtirokchilarini qutlash menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In Janobi Oliylarini koronavirus oqibatlarini birgalikda yengib o‘tish va sherikligimizni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan ushbu muhim tadbirda ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildiraman.

Jahondagi mushkul vaziyat va global inqiroz sharoitida aynan shunday ko‘p tomonlama muloqot yangi xatar va tahdidlarga samarali qarshi turish uchun imkoniyat yaratib, mamlakatlarimiz barqarorligi, farovonligi va izchil taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladi.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Biz O‘zbekistonda Koreya Respublikasi Prezidentining keng Yevroosiyo makonida xavfsizlikni ta’minlash va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan "Yangi shimoliy siyosati"ni yuksak baholaymiz.

Mintaqaviy siyosatning eng muhim jihatlari va hamkorligimiz istiqbollariga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchidan. COVID-19ning global miqyosda tarqalishi mintaqa davlatlari o‘rtasida yaqin muvofiqlashuv va keng xalqaro hamkorlik bo‘lishi zarurligini ko‘rsatdi.

Koreyalik va boshqa sheriklarimizni O‘zbekistonda ushbu kasallikka qarshi kurashishda ko‘rsatilgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildiraman.

Birgalikdagi ishlarni quyidagi yo‘nalishlarda davom ettirishni taklif etaman:

- Koreya kompaniyalari bilan birgalikda tashkil etilayotgan farmatsevtika klasteri negizida samarali vaksina va zardoblar, kasalliklarni tez va aniq tashxislash tizimlarini ishlab chiqish;

- zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish va chegaralarimizdagi sanitariya nazorati punktlarini modernizatsiya qilish;

- Koreya Respublikasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari ishtirokida epidemiolog va virusolog vrachlarni tayyorlash;

- tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish korxonalarini tashkil etish;

- mintaqada epidemiologik vaziyatni monitoring qilish va barvaqt prognozlashtirishning integratsiyalashgan tizimini joriy etish.

Ikkinchidan. Biz Koreya Respublikasini mamlakatimizga raqamli va "yashil" texnologiyalarni keltirishda asosiy hamkorlardan biri deb bilamiz.

Bugungi kunda Koreyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida O‘zbekistonda yuqori texnologik tarmoqlarda o‘nlab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Biz koreyalik investorlar faoliyatini bundan buyon ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz va rag‘batlantiramiz.

Shuningdek, Seul shahrida bo‘lib o‘tadigan "Yashil" taraqqiyot va 2030 yilga qadar global maqsadlar uchun sheriklik xalqaro sammitida faol ishtirok etishga tayyormiz.

Uchinchidan. "Yangi shimoliy siyosat"ning izchil amalga oshirilishi samarali mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirishning dolzarb ahamiyatini ko‘rsatmoqda.

Bu borada so‘z yuritilganda, avvalo, Transsibir magistrali va "G‘arbiy Yevropa – G‘arbiy Xitoy" yo‘lagi marshrutlarini mintaqamizdagi yangi temir yo‘llar qurish loyihalari bilan o‘zaro bog‘lash zarurligini qayd etish lozim.

Bunday sharoitda Koreya yarimoroli Tinch okeani mintaqasini Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘laydigan g‘oyatda muhim kommunikatsiya ko‘prigi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Ushbu noyob imkoniyatlarni ekspertlar darajasida ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

To‘rtinchidan. Sherikligimizni mustahkamlashda "Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi" forumi muhim rol o‘ynaydi.

Uning doirasida yangi tashabbus va loyihalar amalga oshirilmoqda, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlik kengayib bormoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda hamkorligimizni yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqish hamda Forum yig‘ilishini davlatlarimiz hukumatlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazishga ob’ektiv zarurat sezilmoqda.

Ishonchim komil, birgalikda "Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi" forumini ustuvor dastur va loyihalarni ilgari surishning ta’sirchan mexanizmiga aylantiramiz.

Beshinchidan. Prezident Mun Chje Inning Koreya yarimorolida mustahkam tinchlikka erishish borasidagi faol sa’y-harakatlarini O‘zbekiston har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi hamda ularga mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlashga muhim hissa sifatida qaraydi.

Biz Markaziy Osiyoda yadroviy quroldan xoli hudud yaratish borasida noyob tajriba to‘pladik.

O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan tegishli shartnoma ishtirokchilar o‘rtasida murakkab kelishish jarayonidan o‘tib, eng yirik yadroviy davlatlarning zarur kafolatlarini olgan.

Bugungi kunda ushbu shartnoma Markaziy Osiyoda yadroviy xavfsizlikni ta’minlashning samarali siyosiy-huquqiy mexanizmi hisoblanadi.

Keng tajriba almashish maqsadida Yadroviy qurolsizlanish, yadroviy quroldan xoli hududlar yaratish masalalari bo‘yicha xalqaro ekspertlik forumini o‘tkazishni taklif etamiz.

Muhtaram xonimlar va janoblar!

Koreya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasining alohida ahamiyatga ega, ishonchli strategik sherigidir.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik, savdo va madaniy aloqalar bir necha ming yillik tarixga ega.

Do‘stligimiz xalqlarimizning o‘xshash mentaliteti, milliy qadriyat va an’analariga asoslangan.

O‘zbekistondagi ko‘p sonli koreys diasporasi buzilmas rishtalarimizni mustahkamlab turuvchi muhim omildir.

Bu fuqarolarimiz mamlakat rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar.

So‘zim yakunida yana bir bor ishonch bilan aytmoqchiman: bugungi forum mamlakatlarimizning uzoq muddatli va serqirra hamkorligini butun mintaqa tinchligi va ravnaqi yo‘lida rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochib beradi.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev forum

Baholaganlar

85

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing