Shavkat Mirziyoyev xizmatlar va turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
Jamiyat
−
16 iyun 2020
9467Bugun, 16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tadbir avvalida Prezident koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib, oxirgi paytda mamlakatda bu kasallikka chalinganlar soni oshgani, eng yomoni, aholi o‘rtasida ham ko‘plab ro‘y berayotganiga e’tibor qaratdi.
Jumladan, Toshkent shahrida so‘nggi ikki haftada kasallangan 551 nafar fuqarodan 482 tasi aynan aholi orasidan aniqlangan. 57 holatda virusni yuqtirish manbai noma’lum qolayotgani afsuslanarli. Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida ham shunday xavotirli holat kuzatilmoqda.
"Bularning barchasi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tobora murakkab tus olayotganini ko‘rsatib turibdi. Bugun pandemiyaga qarshi kurashishda hushyorlik va mas’uliyatni o‘n karra oshiradigan yangi bosqich boshlanmoqda, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu bosqichda karantin qoidalariga qat’iy amal qilishimiz shart. Har bir ishimizni ehtiyotkorlik bilan, oqibatini puxta o‘ylab, nafaqat o‘zimiz, balki oilamiz va farzandlarimiz oldidagi mas’uliyatni chuqur his etib bajarishimiz kerak. Aks holda, barcha sa’y-harakatlarimiz yo‘qqa chiqishi hech gap emas. Ishonchim komil, ancha bilim va tajriba orttirgan, bag‘rikeng va matonatli xalqimiz bu bosqichdan ham, albatta, munosib o‘tadi", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Respublika maxsus komissiyasiga o‘z faoliyatini qayta boshlayotgan korxona va tashkilotlar, bozor va savdo majmualarida dezinfeksiya ishlari hamda sanitariya nazoratini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari orqali aholi va mehnat jamoalari orasida tushuntirish ishlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Aholiga xizmat ko‘rsatadigan, ular bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan barcha muassasalar xodimlarini koronavirus bo‘yicha muntazam testdan o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Xizmat ko‘rsatish sohasi aholi bandligini ta’minlashda eng katta zaxiralardan biri hisoblanadi. Mamlakatda uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 35 foizni tashkil etadi. Xalqaro mehnat tashkiloti tahlillariga ko‘ra, servis industriyasining 1 foizga o‘sishi kambag‘allar sonini 1,5 foizga qisqartiradi.
Yig‘ilishda soha salohiyatidan to‘la foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Joylarda maishiy uskunalarni ta’mirlash ustaxonalari, kimyoviy tozalash shoxobchalari, kompyuter dizaynerligi, buxgalteriya, reklama, pullik tibbiy xizmat kabi tadbirkorlik sub’ektlari kamligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu xizmat ko‘rsatish sohasida ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha juda katta imkoniyatlar borligidan dalolat beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda kamida 160 ming qo‘shimcha ish o‘rni yaratish mumkin.
Masalan, hozirgi kunda Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlarida axborot texnologiyalari sohasida yiliga 50 ming dollar eksport qiladigan va Top Talent reytingining eng yuqori 3 foiziga kiradigan 21 ta yosh frilanser dasturchi bor.
Shavkat Mirziyoyev shunday iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholining zamonaviy xizmatlarni o‘rganishiga sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi.
Bosh vazir o‘rinbosariga hokimlar bilan birga har bir tuman va shahar kesimida xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Shu bilan birga, tarmoqni tartibga solish, undagi metodologiya va statistika ma’lumotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qo‘yildi.
Sohani rivojlantirish moliyaviy ko‘maksiz bo‘lmaydi. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev xizmat ko‘rsatish loyihalari uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar yoki 1 trillion so‘mdan ziyod kredit resurslari ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu mablag‘lar ham davlat, ham xususiy banklar orqali ajratiladi va kredit stavkasi 15 foizdan oshmaydi.
Hududlar rahbarlari bu imkoniyatdan samarali foydalanib, xizmat ko‘rsatish sohasida ko‘p ish joyi yaratadigan va tez amalga oshiriladigan loyihalarni shakllantirishi zarurligi ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yilgi bitiruvchilarni o‘qish va ishga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Joriy yilda 451 mingdan ziyod yoshlar maktablarni va 188 ming nafari kollejlarni tamomladi. Bu yil qabul qamrovi kengaygani natijasida ularning 103 ming nafari oliy ta’lim muassasalariga va 90 mingtasi kollej-texnikumlarga o‘qishga kirganda ham, boshqalarining bandligini ta’minlash zarur. Shuningdek, 71 ming nafar talaba oliy o‘quv yurtlarini bitirdi.
"Qaysi hokim bu masalada bosh qotirib, bitiruvchilar bilan shaxsan uchrashdi? Yosh o‘g‘il-qizlarimiz ertaga qayerga va kimga ish so‘rab murojaat qiladi? Hududda ular uchun ish o‘rinlari zaxirasi shakllantirilganmi?" deya savollar qo‘ydi Prezident.
Masalan, Surxondaryo viloyatida qariyb 2 ming nafar talaba pedagogika yo‘nalishlarini bitirmoqda. Ayni paytda Sariosiyo, Oltinsoy va Uzun tumanlaridagi qishloq maktablarida o‘qituvchilar yetishmaydi. Viloyat hokimi va sektor rahbarlari shu bitiruvchilar bilan uchrashib, ularni ishga yo‘naltirishga yordam berishi kerakligi ta’kidlandi. Bosh vazir o‘rinbosarlariga olis hududlarga ishga boradigan yosh mutaxassislarni rag‘batlantirish, ular uchun boshlang‘ich yordam puli va uy-joy ajratish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda “Ishga marhamat” mono-markazlari tashkil etish, yoshlarni kasbga va tadbirkorlik asoslariga o‘rgatish maskanlari hamda mahalla guzarlarida o‘quv kurslari ochish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumki, 8 iyun kuni O‘zbekiston Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari 24 tadan 67 taga oshirilib, ruxsat olish talablari va soliq to‘lovlari deyarli bekor qilindi. Bu bandlikni ta’minlash borasida katta resurs ekani ta’kidlab o‘tildi.
Markaziy bankka o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 300 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratish, Moliya vazirligiga tadbirkorlikni boshlayotgan ishsiz fuqaroga 3 oy mobaynida bino-inshootning ijara to‘lovi uchun subsidiya berish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda ichki turizmni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu sohada 200 mingdan ziyod aholini ish bilan ta’minlash mumkin. Shuningdek, turizmga xizmat qiluvchi umumiy ovqatlanish, transport, chakana savdo kabi yo‘ldosh tarmoqlarda yana ko‘plab ish joylari tashkil etiladi.
Buning uchun har bir hududda imkoniyat ham, sayohatchilar diqqatiga sazovor joylar ham yetarli ekani qayd etildi. Misol uchun, Yangiqo‘rg‘on tumanida 16 ta dam olish maskanini tiklash hisobiga 1 ming 500 nafar aholini, Bo‘stonliqda 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan ko‘chma dam olish maskanlari tashkil etish orqali 8 mingga yaqin kishini ish bilan ta’minlash mumkin.
Qolaversa, O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi sayyohlik imkoniyatlaridan ham to‘la foydalanilmayapti. Xalq orasida ularni bilmaydiganlar, ko‘rmaganlar hali ko‘p.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga vazirlik, idoralar va hokimliklar bilan birga yangi ichki turizm marshrutlari ochish, ko‘chma dam olish maskanlarini ko‘paytirish, tibbiyot va sog‘lomlashtirish turizmini taraqqiy ettirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Hokimlar va sektor rahbarlariga sayyohlar boradigan barcha ob’ektlar, mehmonxona va ovqatlanish shoxobchalarida karantin qoidalariga qat’iy amal qilinishini ta’minlash yuklatildi.
Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, soha mutasaddilari va hokimlar hisobot berdi.
Yig‘ilishda tegishli rahbarlar jam bo‘lganidan foydalanib, g‘alla hosili o‘rim-yig‘imiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Bahor oylarida yog‘ingarchilik yaxshi bo‘lgani, pandemiya sharoitiga qaramay moddiy-texnika resurslari, mineral o‘g‘itlar qo‘shimchasi bilan yetkazib berilgani uchun mo‘l hosil yetishtirilgani qayd etildi.
O‘rim-yig‘imni har yilgiga nisbatan ertaroq yakunlash uchun barcha imkoniyatlar borligi, buning uchun ishni to‘g‘ri tashkil qilib, hosilni qisqa muddatda uyushqoqlik bilan yig‘ishtirib olish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, g‘alla o‘rilgan maydonlarni peshma-pesh shudgorlab, takroriy ekinlar ekish bo‘yicha topshiriqlar berildi.