Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 7 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Xaysin boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, yuqori martabali mehmon davlat rahbariga XXR Raisi Si Szinpinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik hamda amaliy sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Xitoy barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Bildirilishicha, o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi izchil o‘smoqda, Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qo‘shma loyihalar va korxonalar soni ortib bormoqda.

Parlamentlararo va partiyalararo hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor berilgan.

Oliy va kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, mamlakatda Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallarini ochish muhimligi ta’kidlangan.

Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo va partiyalararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi Doimiy qo‘mitasi a’zosi, Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi bilan uchrashuv o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing