Shavkat Mirziyoyev Quruvchilar kuni bilan O‘zbekiston quruvchilarini tabrikladi
Jamiyat
−
21:44 479 3 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 8 avgustda Qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston quruvchilarini tabrikladi. Bu haqda mamalakat utakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Tabriknomada bugungi kunda qurilish sohasi Yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini belgilaydigan g‘oyat muhim tarmoqqa aylanib borayotgani qayd etilgan. Bunga sabab esa, mamlakatda barpo etilayotgan, quruvchilarning fidokorona mehnati, bilim va mahorati mujassami bo‘lgan obod shaharlar, qishloq va mahallalar, yangi uy-joylar, yirik strategik ob’ektlar, zamonaviy korxonalar, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalar keltirilgan.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda sohani tubdan isloh qilish, uni iqtisodiyotning drayverlaridan biriga aylantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, zamonaviy shaharsozlik va raqamli boshqaruv tamoyillarini keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirayotgan ulkan ishlar ijobiy natijalar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi 9 yilda mamlakatda 210 million kvadrat metrdan ziyod bino va inshootlar, jumladan, 647 mingta, o‘tgan yilning o‘zida esa 135 mingta kvartiraga ega bo‘lgan uy-joylar barpo etilgan. Joriy yilda yana 140 mingta yangi kvartira foydalanishga topshiriladi. 2040 yilgacha mamlakatda quriladigan uy-joylar sonini yiliga 280 mingtaga yetkazish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini 61 tadan 120 taga ko‘paytirishni reja qilgan.
Prezidentning ta’kidlashicha, bu yil O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Burhoniddin Marg‘inoniy turizm markazi kabi noyob madaniy-ma’rifiy inshootlarda qurilish va obodonlashtirish ishlarini yakuniga yetkazishda fidokor quruvchilarning hissasi beqiyos bo‘ldi.
Poytaxtimizdagi Yangi Toshkent, Toshkent viloyatidagi Nurafshon, Andijon viloyatidagi Bobur, Samarqanddagi Shirin, Xorazmdagi Al Xorazmiy shaharlari kabi megaloyihalar mutlaqo yangi muhandislik yechimlari, “yashil” qurilish tamoyillari bilan O‘zbekistonning bunyodkorlik tarixida yorqin sahifa ochmoqda.
Shuningdek, Hozirgi kunda 3 million 500 mingdan ziyod kishi mehnat qilayotgan qurilish, qurilish materiallari sanoati va ularga yondosh sohalarda g‘oyat muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Keyingi paytda qurilishga ruxsat berish bosqichlari 3 barobar, muddatlari esa 4 karra qisqartirilgan. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi asosida 24 ta zamonaviy elektron platforma ishga tushirilib, asosiy boshqaruv jarayonlari raqamlashtirilgan. Barcha nazorat jarayonlari raqamli formatga o‘tkazilgan.
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, davlat xaridlari tizimida elektron tender platformasi yo‘lga qo‘yilgani ham shaffoflikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Tarmoqda sun’iy intellekt texnologiyalari faol joriy etilmoqda. Bularning barchasi sohada inson omilini qisqartirish, korrupsiya bilan bog‘liq xavf-xatarlarni bartaraf etish va qabul qilinayotgan qarorlar samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgani bilan e’tiborlidir.
Qayd etilishicha, bugungi kunda barcha sohalar qatori qurilish borasidagi faoliyatni rivojlantirish, qurilish ishlari sifatini oshirish bo‘yicha ham amalga oshiriladigan ulkan vazifalar turibdi. Ularni amalga oshirishda o‘z hayotini el-yurtning obod va farovon qilishdek ezgu ishga bag‘ishlab kelayotgan soha xodimlarining bilim va tajribasi, kasb mahoratini oshirish, ularning mehnatini har tomonlama rag‘batlantirish bundan buyon ham diqqat-e’tibor markazida bo‘ladi.
“Sizlar o‘z burchingizni chuqur anglagan holda, xalqimiz uchun xavfsiz, qulay va farovon hayot muhitini yaratishga qaratilgan sharafli faoliyatingizni hamisha yuksak sifat va mas’uliyat bilan ado etasizlar, deb ishonaman. Barchangizni bugungi kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, ishlaringizda yangi yutuq va omadlar tilayman”, degan davlat rahbari o‘z tabriknomasida.
Live
Barchasi