Shavkat Mirziyoyev Qatar Amiri bilan muzokara o‘tkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 2 oktyabr kuni Dohadagi “Amiri Devon” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mirziyoyev Qatarga taklif qilgani hamda O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun  shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga minnatdorlik bildirgan.

Siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

“Qatar Amiri joriy yil iyun oyida Samarqandga amalga oshirgan tarixiy tashrif mamlakatlarimiz munosabatlarida yangi bosqichni boshlagani ta’kidlandi. O‘zbekiston bilan Qatar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori, strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qat’iy intilish bildirildi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, uchrashuvda turli darajalarda muloqotlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. 

Bildirilishicha, ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan, o‘zaro savdo hajmi oshmoqda. Qatarning yirik kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalar boshlangan. Tashrif arafasida Dohada O‘zbekiston elchixonasi ochilgan.

“Tomonlar savdo ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirish, an’anaviy va “yashil” energetika, neft-kimyo, metallarni chuqur qayta ishlash, qurilish, turizm, moliya va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, muzokaralar davomida ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish uchun 2024 yil yanvar oyida Dohada qo‘shma Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishlari va biznes forumini o‘tkazish taklif qilingan.

O‘zbekiston Qatarning ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, biotexnologiyalar va sun’iy intellekt, “yashil” energetika borasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishdan manfaatdor ekani ta’kidlangan. Dohada O‘zbekiston madaniyati va turizm haftaligini o‘tkazishga kelishib olingan.

O‘z navbatida, muzokaralar davomida global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ham muhokama qilingan. Masalan, transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amaliy ilgari surish masalalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etilgan. Tomonlar Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirgan.

“Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari bir qator qo‘shma “yo‘l xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali ro‘yobga chiqarish mexanizmlarini yaratish topshirig‘ini berdilar”, deyiladi xabarda.

Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolangan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Doha shahriga yetib borgan, uni Qatar Bosh vaziri – Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgandi. Shu kuni Mirziyoyev Dohada mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi. Bugun, 2 oktyabr kuni Dohada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Doha Qatar Tamim bin Hamad Ol Soniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made