Shavkat Mirziyoyev Qallibek Kamolov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
16:25 3156 2 daqiqa
Avvalroq, atoqli davlat va jamoat arbobi, taniqli mehnat faxriysi Qallibek Kamolov vafot etgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchsining matbuot xizmati xabar berdi.
Qallibek Kamolov 1926 yil 18 martda Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatib, harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, 1955 yilda Nukus davlat universitetini tamomladi. Mehnat faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlar qo‘mitasi kotibi lavozimidan boshlab, keyinchalik Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Nukus shahar ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘lib ishladi.
Katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan Qallibek Kamolov Qoraqalpog‘iston Respublikasi kommunal xo‘jaligi vaziri, yo‘l transporti va avtomobil yo‘llari vaziri, Qoraqalpog‘iston partiya qo‘mitasi kotibi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatgan.
U 1959–1963 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, 1963–1984 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, Respublika yetakchisi kabi mas’ul vazifalarda jonbozlik ko‘rsatib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, turli soha va tarmoqlarda ishni zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yish borasida fidokorona mehnat qilgan.
Qallibek Kamalov 1984–1986 yillarda iste’dodli diplomat sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatgan.
“U ko‘p yillik serqirra mehnat faoliyati davomida boy bilim va tajribasi, rahbarlik salohiyati, yuksak insoniy fazilatlari, Vatanimizga beqiyos mehri va sadoqati bilan el-yurt qalbidan chuqur joy olgan ulug‘ inson edi. Uning bevosita rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama taraqqiy ettirish, mavjud murakkab iqlim sharoitida paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik va boshqa qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini, shuningdek, sanoat va ishlab chiqarishni ravnaq toptirish, aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi”, deyiladi ta’ziya xatida.
Qallibek Kamolov so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida keksalar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarda faol ishtirok etib kelgan.
Qallibek Kamolov davlat va xalq oldidagi ulkan xizmatlari uchun “Shuhrat” medali va “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
“Atoqli davlat va jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Kallibek Kamalovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi”, deyiladi ta’ziya xatida.