Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonni tabrikladi

Jamiyat

image

Bugun, 5 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbari Tojikiston Prezidentini tavallud ayyomi bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, farovonlik va yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, tarix, madaniyat va an’analar mushtarakligiga asoslangan strategik sheriklik munosabatlarining bugungi darajasini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq murakkab davrda pandemiya oqibatlarini yengib o‘tishda o‘zaro yordam ko‘rsatilmoqda. Tojikiston tomoni ushbu xavfli kasallikka qarshi kurashda ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirdi. 

Savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida tovar ayirboshlash hajmlari ortyapti, hududlar va tadbirkorlar o‘rtasida kooperatsiya kengaymoqda.

Davlat rahbarlari o‘tgan oyda bo‘lib o‘tgan qator ikki tomonlama tadbirlarning samarali natijalarini yuqori baholadilar. Xususan, Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi hamda biznes-forum, ilmiy-amaliy konferensiya, parlament a’zolari va ziyolilar uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi, qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlari va ijtimoiy ob’ektlar ochildi.

O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari ikki mamlakat hukumatlariga keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirish hamda bo‘lajak sammitning yangi kun tartibini har tomonlama puxta tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xarita”sini ishlab chiqishga topshiriq berdilar.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Telefon muloqoti so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonga mamlakat siyosiy hayotidagi muhim tadbir – joriy yil 11 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston-Tojikiston Imomali Rahmon

Baholaganlar

144

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing