Shavkat Mirziyoyev ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash yo‘llarini ma’lum qildi
Jamiyat
−
08 aprel 2020
6868O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 8 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda davlat rahbari O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ichki talabni to‘liq ta’minlash, aholi daromadlari va farovonligini oshirish uchun katta rezerv va imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
“Buning uchun barcha fermer, klaster, dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda o‘z dalasida, aholi esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi kerak. Aks holda ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash qiyin bo‘lishi hammaga ayon”, dedi Prezident.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil qilingan. Aholiga urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 244 ta “Tomorqa xizmati” korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Tomorqada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 350 milliard so‘m ajratilib, Fermerlar kengashi huzurida jamg‘arma faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.