Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishdi
Jamiyat
−
06 may 2019
5876O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdi.
Mazkur korxona o‘z vaqtida Farg‘ona vodiysidagi neft konlarini o‘zlashtirish va mintaqa davlatlariga neft mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida bunyod etilgan. U hozirgi kunda ham uglevodorod xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha mamlakatdagi eng yirik majmualardan biridir. 475 gektar maydon, 52 ta texnologik ob’ekt uning ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Bu yerda 70 mingdan ortiq kishi ishlaydi.
Lekin texnika va texnologiyalar eskirgani, ishlab chiqarish asosan importga bog‘liq bo‘lgani sababli korxona keyingi o‘n yilda norentabel bo‘lib qolgan edi. Yillik loyiha quvvati 6 million 450 ming tonna bo‘lgani holda ishlab chiqarish bor-yo‘g‘i 30 foizga tushib qolgandi.
Davlat rahbari joriy yil 21 fevral kuni neft-gaz va kimyo sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini investorlarning ishonchli boshqaruviga berish vazifasini qo‘ygan edi. Shunga muvofiq 10 aprelda “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.
Mazkur modernizatsiya jarayoni Indoneziyaning “RT Trans Asia Resources” xorijiy kompaniyasi bilan hamkorlikda uch bosqichda amalga oshiriladi. Kompaniyaning sohada katta tajribasi, jahon bozorida o‘z o‘rni bor. Bu zavodni xomashyo bilan barqaror ta’minlash, uni jahon standartlari asosida qayta ishlab, ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berishga xizmat qiladi. Kelgusida yetakchi xalqaro kompaniyalardan iborat bo‘lgan konsorsium tashkil etish rejalashtirilgan.
Kelishuvga asosan, zavodga joriy yilning o‘zida kamida 300 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etiladi. Bu mablag‘ evaziga ikki oy davomida hozirda ishlamay turgan 11 qurilmaning 7 tasidan foydalanish tiklanadi. Buning natijasida 7 ming 100 ta ish joylari saqlab qolinadi, 450 kishi o‘z ish o‘rinlariga qaytadi.
Shuningdek, zavod ikki barobar ko‘proq xomashyo bilan ta’minlanadi. 2020 yildan boshlab “Yevro-4”, “Yevro-5” kabi yuqori sifatli dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishga erishiladi. Mahsulotlar tannarxi tushib, sifati oshirilishi natijasida viloyatning eksport salohiyati yanada kengayadi.
Umuman, loyiha doirasida 2022 yilgacha kamida 875 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etiladi. Bu 60 yildan beri ishlab kelayotgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi va 110 yillik tarixga ega Oltiariq neftni qayta ishlash korxonasini zamonaviy majmualarga aylantirish, ularda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.
Eng muhimi, yana ko‘plab odamlar, ayniqsa, yoshlar ish bilan ta’minlanadi. Soliq tushumlari bir oyda qo‘shimcha 100 milliard so‘mga oshadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev zavod ishchilari va investorlar bilan suhbatlashdi.
“Bu ishlardan asosiy maqsad korxonani to‘liq quvvat bilan ishlatish, odamlarni ish bilan ta’minlash. Bu Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining yangi davri bo‘ladi”, dedi davlat rahbari.
Zavodga xomashyo olib kelish, ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
LiveBarchasi