Shavkat Mirziyoyev ertaga Qirg‘izistonga boradi
Jamiyat
−
29 iyul 1264 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 30 iyul – 1 avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston – Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadi.
Sammit yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.
Tashrif dasturiga muvofiq, Prezident Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi va boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 may kuni Turkiston shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi.
Live
Barchasi