Shavkat Mirziyoyev Erdo‘g‘anga “Usmon Mushafi”ning nusxasini sovg‘a qildi
Jamiyat
−
21 fevral 2020
10905O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti devonining Xalq kutubxonasiga “Usmon Mushafi”ning nusxasini sovg‘a qildi. Bu haqda davlat rahbari Xalq kutubxonasining ochilish marosimida ma’lum qilgan.
“Bugun Turkiyada katta shodiyona, ta’bir joiz bo‘lsa, ma’naviyat va ma’rifat to‘yi bo‘lib o‘tmoqda. Bizning xalqimizda “To‘yga to‘yona bilan bormoq lozim”, degan hikmatli so‘z bor.
Shunga ko‘ra, biz Turkiya Prezidenti devonining Xalq kutubxonasiga 350 dan ziyod turli mavzudagi kitoblarni keltirdik. Ularning orasida dunyoda o‘ta noyob bo‘lgan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan “Usmon Mushafi”ning mohir xattotlarimiz tomonidan ko‘chirilgan nusxasi ham bor”.
Prezident Mirziyoyevning qayd etishicha, islom olamining faxri bo‘lmish mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlarining mashhur “Masnaviy” asari qo‘lyozmasining faksimile nashri ham Xalq kutubxonasiga sovg‘a qilingan.
Ma’lumki, buyuk alloma Abu Bakr ar-Roziyning “Kasalliklar tarixi” nomli asari butun dunyoda shuhrat qozongan. Bu kitobni XVIII asrda istanbullik tabib, shoir va xattot Muhammad Rafi’ arabchadan turk tiliga tarjima qilib, o‘z qo‘li bilan ko‘chirgan. Shavkat Mirziyoyev keltirgan kitoblar ichida ushbu qo‘lyozmaning faksimile nusxasi ham bor.
O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik kengashi doirasida “Turkiy adabiyot xazinasi” ruknida 100 jildlik kitoblar turkumini nashr etish g‘oyasini ilgari surgan edi. Ana shu ezgu tashabbusning ilk samarasi o‘laroq, Yunus Emroning ushbu asarini ham Prezident devoni Xalq kutubxonasiga taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 20 fevral kuni Anqara shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti devonining kutubxonasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi – mamlakat birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va uning rafiqasi – mamlakat birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an ishtirok etdi.