Shavkat Mirziyoyev energetika tarmog‘idagi muammolarga alohida e’tibor qaratdi
Jamiyat
−
03 dekabr 2020
5566Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish borasida oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar oldidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik.
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika tarmog‘idagi muammolarga alohida e’tibor qaratdi.
Bu sohada 3 ta oliygoh, 2 ta ilmiy tashkilot, o‘nlab olimlar bo‘lsa-da, muammolarni hal qilishda o‘rni sezilmayapti. Yirik korxonalarda yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molini tahlil qiladigan ilmiy tadqiqotlar yo‘q.
Misol uchun, bir yilda 100 million kilovatt soat elektr ishlatadigan Toshkent truba zavodi o‘rganilganda, jarayonlarni optimallashtirish hisobiga 20 million kilovatt soat energiyani iqtisod qilish mumkinligi aniqlangan. Buning hisobidan qanchadan-qancha xonadonlarga yorug‘lik yetkazish mumkin.
Shu maqsadda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Navoiyazot”, “Farg‘onaazot”, “Qizilqumsement”, “Bekobodsement”, “Quvasoysement” kabi yirik korxonalarda ilmiy tashkilotlar bilan birga elektr energiyasi sarfini optimallashtirish bo‘yicha vazifa qo‘yildi.
Shuningdek, har yili gaz transport tizimi va yirik sanoat korxonalaridan chiqayotgan ikkilamchi gazlar 730 megavatt elektr energiya salohiyatiga ega bo‘lib, bu imkoniyatdan umuman foydalanmay kelinmoqda. Shunday ekan, ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda Muborak, Sho‘rtan va Gazli konlarida yo‘ldosh gazlardan elektr energiyasi olish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.