Shavkat Mirziyoyev Chilonzordagi perinatal markazga bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 may kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanida barpo etilgan Ikkinchi perinatal markazni borib ko‘rdi. Davlat rahbariga Prezident Administratsiyasi raisi Zaynilobiddin Nizomiddinov, Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov, Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov, Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Mirzayev, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov hamrohlik qilgan. 

Qayd etilishicha, perinatal markazda ilg‘or klinikalar tajribasi asosida eng zamonaviy qulayliklar yaratilgan. Uning birinchi qavatida ko‘p tarmoqli poliklinika, yuqori qavatlarida bemorlar xonasi va umumiy amaliyot xonalari, jumladan, chaqaloqlar reanimatsiya bo‘limi joylashgan. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 140 ta bemorni davolash mumkin.

Prezident tibbiyot markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Askdoctor.uz onlayn poliklinika dasturi orqali shifokorlar bilan muloqot qildi.

“Koronavirus pandemiyasi ko‘zimizni ochdi. Tibbiyotda axborot texnologiyalari qanchalik muhimligini ko‘rsatdi. Lekin bu bo‘yicha sharoitlar ham, xodimlarning malakasi ham hali yetarli emas. Shu bois rivojlangan davlatlar tajribasi asosida dastur ishlab chiqib, telemeditsinani jadal rivojlantirish kerak. Bu vaqt va xarajatni tejaydi, epidemiologik xavfsizlikni ham ta’minlaydi. Yana yuqumli kasalliklar tarqalmasligi uchun ogoh, hushyor, tayyor bo‘lishimiz kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Masofaviy texnologiyalarni tuman shifoxonalari, qishloq poliklinikalarida ham bosqichma-bosqich joriy etish, tibbiyot xodimlari va aholini undan foydalanishga o‘rgatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Perinatal markazning 100 o‘rinli majlislar zalida O‘zbekiston va xorijdagi mutaxassislar bilan videokonferensiyalar o‘tkazish imkoniyati yaratilgan.

Davlat rahbari mazkur zalni ko‘zdan kechirdi. Har bir klinikaning chet elda hamkori bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Markaz binosi innovatsion qurilish materiallari asosida sifatli va energiya tejamkor qilib barpo etilgan. Shoshilinch tibbiy yordam holatlari uchun barcha qulayliklar inobatga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

163

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing