Shavkat Mirziyoyev “Avaza”da milliy taomlar festivaliga bordi

Jamiyat

−

image

Bugun, 8 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida tashkil etilgan milliy taomlar festivaliga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, festivalda to‘qqiz mamlakat – O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmanistonning pazandachilik an’analari namoyish etilgan.

O‘zbekiston stendida mehmonlar mamlakatning turli hududlariga xos non va pishiriqlar, qandolat mahsulotlari hamda quritilgan mevalar bilan tanishgan. Ularga novvoylikning ko‘p asrlik an’analari haqida so‘zlab berilgan. Oshpazlar somsaning bir necha turini, shuningdek, shivit oshi va tuxumbarak kabi Xorazm taomlarini tayyorlash, non yopish jarayonlarini namoyish etgan. O‘zbek palovining turli xillari va milliy oshxonaning boshqa taomlari ham mehmonlar e’tiboriga havola qilingan.

Ekspozitsiyadan xalq hunarmandchiligi namunalari ham o‘rin olgan. Rishton, Buxoro, Marg‘ilon va Samarqand hunarmandlari o‘z mahsulotlari hamda ularni tayyorlashning an’anaviy usullarini namoyish etgan. Milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar festivalga bayramona ruh bag‘ishlagan.

Delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston stendi bilan tanishgach, festivalning boshqa milliy ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing