Shavkat Mirziyoyev akademik To‘ra Mirzayev vafot munosabati bilan ta’ziya bildirdi

Jamiyat

image

Atoqli adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi To‘ra Mirzayev shu yil 29 sentyabr kuni 84 yoshida vafot etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov va Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev To‘ra Mirzayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

To‘ra Mirzayev 1936 yil 6 martda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ildi. 1957 yili Buxoro davlat pedagogika institutini tugatib, mehnat faoliyatini Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanidagi 22-o‘rta maktabda o‘qituvchi sifatida boshladi. 1961-1963 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi, 1965 yilda nomzodlik, 1986 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Iste’dodli olim o‘zining qariyb 65 yillik ilmiy-pedagogik va tashkilotchilik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi, sektor mudiri, direktori, Fanlar akademiyasining ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha vitse-prezidenti, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining yetakchi ilmiy xodimi kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, yurtimizda adabiyotshunoslik, folklorshunoslik fanlari sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.

To‘ra Mirzayev o‘zbek xalq og‘zaki badiiy ijodiyotini keng ko‘lamda tadqiq etish borasida ilmiy maktab yaratgan, eposshunoslikning nazariy va amaliy masalalariga doir ko‘plab asarlari nafaqat mamlakatimiz, balki chet ellarda ham e’tirof etilgan taniqli folklorshunos olim edi.

Ayniqsa, uning rahbarligi va ishtirokida tayyorlangan 15 jildlik “O‘zbek folklori va adabiyoti tarixi” ilmiy-amaliy to‘plami, “Alpomish” dostoni, “O‘zbek xalq maqollari”ning akademik nashrlari, shuningdek, olimning ko‘p jildlik “O‘zbek xalq ijodi”, “O‘zbek folklori ocherklari”, “O‘zbek xalq ijodi bo‘yicha tadqiqotlar” kabi kitoblari, ko‘plab ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz xazinasiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.

Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.

Akademik To‘ra Mirzayevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “Do‘stlik” ordenlariga sazovor bo‘lgan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson To‘ra Mirzayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yo‘ldoshev


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

106

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing