Shavkat Mirziyoyev akademik Muhabbat Abidova vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov va Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoyev O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Muhabbat Abidova vafoti munosabat bilan hamdardlik bildirdi.

Kimyo-texnologiya sohasidagi taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Muhabbat Abidova kecha, 17 avgust kuni 89 yoshida vafot etdi.

M. Abidova 1931 yil 10 oktyabrda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1954 yili O‘rta Osiyo politexnika instituti (hozirgi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo instituti (hozirgi Umumiy va noorganik kimyo instituti) aspiranturasida tahsil oldi. 1958 yili nomzodlik, 1975 yili doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Iste’dodli olim 60 yildan ziyod ilmiy-pedagogik faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo instituti kichik ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti katta ilmiy xodimi, O‘rta Osiyo yoqilg‘idan foydalanish instituti katta ilmiy xodimi, O‘rta Osiyo neftni qayta ishlash sanoati ilmiy-tadqiqot instituti sektor rahbari, laboratoriya mudiri, O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda ilm-fan sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

Zahmatkash olimning kimyoviy jarayonlar sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan ilmiy maqolalari, patent va mualliflik guvohnomalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum. Uning katalizatorlar tizimi va kimyoviy jarayonlarga oid bir qator ilmiy ishlanmalari sanoat tarmoqlarida samarali qo‘llanib kelinmoqda. 

Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

Akademik M.Abidovaning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Taniqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Muhabbat Abidovaning  xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Muhabbat Abidova

Baholaganlar

137

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing