Shavkat Mirziyoyev fuqarolar salomatligiga oid muhim qonunni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 15 fevralda
qabul qilingan
Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda
ma’qullangan

O‘zbekiston Respublikasi qonuni

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligi

Fuqarolarning reproduktiv salomatligi insonning jismoniy, aqliy va ijtimoiy jihatdan sog‘lomligi holati bo‘lib, bu holat uning bola tug‘ilishiga qodirligini belgilaydigan reproduktiv tizimi, ushbu tizimning funksiyalari, hayotiy jarayonlari bilan bog‘liq bo‘ladi.

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash:

fuqarolarning reproduktiv salomatligi to‘g‘risida ishonchli va to‘liq axborot olishni;

homiladorlikni saqlab yurishni va bolaning asoratlarsiz hamda nuqsonlarsiz tug‘ilishini ta’minlaydigan, homiladorlik, tug‘ish va tug‘ishdan keyingi davrdagi tadbirlar, muolajalar hamda xizmatlarni;

reproduktiv tizim kasalliklarining oldini olishni va ularni davolashni;

jinsiy yo‘l bilan o‘tadigan kasalliklarning oldini olishni va ularni davolashni;

ehtimoldagi asoratlarning va reproduktiv tizim funksiyalari buzilishi oqibatlarining oldini olishga ko‘maklashgan holda homiladorlikni xavfsiz ravishda sun’iy to‘xtatishni;

kontratsepsiya usullari va ulardan foydalanish to‘g‘risida axborot olishni nazarda tutadi.

4-modda. Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari

Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

reproduktiv muammolarni hal qilishda insonparvarlik;

reproduktiv salomatlikni saqlash sohasida erkaklar va ayollarning tengligi;

fuqaroning shaxsiy hayotiga aralashmaslik, shaxsiy va oilaviy sirning saqlanishi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi tibbiy xizmatlardan foydalanishni ta’minlash va ularning sifati;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash bo‘yicha xizmatlarning davlat tomonidan kafolatlangan hajmini ta’minlash.

5-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish;

fuqarolarda sog‘lom farzandlar tug‘ilishiga nisbatan ongli va mas’uliyatli munosabatni tarbiyalash;

erkaklar va ayollarning o‘z reproduktiv huquqlarini amalga oshirishida ularning mkoniyatlari tengligini ta’minlaydigan sharoitlarni yaratish;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini yaxshilash sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy uslublar va texnologiyalarni joriy etish;

fuqarolarning reproduktiv salomatlik sohasidagi tibbiy bilimlarini va tibbiy madaniyatini yuksaltirish;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;

fuqarolar o‘z reproduktiv huquqlarini amalga oshirishi uchun ularga tibbiy-ijtimoiy, shuningdek psixologik yordam ko‘rsatish.

6-modda. Fuqarolarning reproduktiv huquqlarini amalga
oshirishdagi davlat kafolatlari

Davlat fuqarolarga:

reproduktiv salomatlikning saqlanishini va ularning reproduktiv huquqlari amalga oshirilishini;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlashga doir xizmatlardan foydalanishi va bu xizmatlarning izchilligi ta’minlanishini;

sog‘lom oilani shakllantirish to‘g‘risidagi qarorning kamsitishlarsiz, tahdidlarsiz va zo‘ravonliksiz qabul qilinishini;

ularning shaxsiy hayotiga aralashmaslikni, shaxsiy va oilaviy sirning saqlanishini;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining bepulligini;

fuqarolarning mustaqil qaror qabul qilishga bo‘lgan reproduktiv huquqi amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlashga doir xizmatlar reproduktiv salomatlikni saqlash sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladi. 

7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini va amalga oshirilishini ta’minlaydi;

davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash bo‘yicha davlat tomonidan kafolatlangan xizmatlarning hajmini belgilaydi.

8-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash bo‘yicha davlat tomonidan kafolatlangan xizmatlarning hajmini belgilash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi va kiritadi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni ta’minlaydi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash va himoya qilish tizimini rivojlantirishga hamda reproduktiv salomatlikni saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir chora-tadbirlarni belgilaydi;

reproduktiv salomatlikni saqlash sohasida fuqarolarning tibbiy bilimlarini va tibbiy madaniyatini yuksaltirish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib boradi;

yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibini, kafolatlangan xizmatlar, ularni qo‘llashga doir ko‘rsatmalar, moneliklar va cheklovlarning ro‘yxatini tasdiqlaydi;

yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullarini qo‘llovchi tibbiyot tashkilotlarining faoliyatini tartibga soladi va nazorat qiladi;

homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatishni amalga oshirish tartibi va shartlarini, homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatish uchun tibbiy ko‘rsatmalar ro‘yxatini belgilaydi;

jarrohlik kontratsepsiyasini amalga oshirish tartibi va shartlarini belgilaydi.

9-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishini ta’minlaydi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi hududiy dasturlarning ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini va amalga oshirilishini ta’minlaydi;

tegishli davlat boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalarining fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

tegishli hududdagi tibbiyot muassasalarida ko‘rsatilayotgan, shu jumladan fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati ustidan nazoratni ta’minlaydi.

10-modda. Fuqarolarning reproduktiv huquqlari

Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:

xavfsiz va samarali reproduktiv texnologiyalardan foydalangan holda o‘z farzandlarining tug‘ilishi xususida mustaqil ravishda qarorlar qabul qilish;

o‘zining reproduktiv salomatligi to‘g‘risida ishonchli va to‘liq axborot olish;

tug‘ilishni tartibga solishning xavfsiz usullaridan va kontratsepsiyadan foydalanish;

tibbiy-profilaktika xizmatlaridan foydalanish va sog‘liqqa xavf soluvchi vositalardan, shu jumladan ilmiy tajribalar qo‘llanilishidan himoyalanish;

o‘z reproduktiv huquqlarini amalga oshirish chog‘ida tibbiy-ijtimoiy, shuningdek psixologik yordam va axborot olish;

yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish.

Yuridik va jismoniy shaxslar fuqarolarning o‘z reproduktiv huquqlarini amalga oshirishi bilan bog‘liq axborotni sir saqlashi shart.

11-modda. Ayollarning reproduktiv salomatligini saqlash

Ayollarning reproduktiv salomatligini saqlash quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi:

o‘zining reproduktiv salomatligi, bepushtlikni davolash uslublari va kontratsepsiya to‘g‘risida ishonchli hamda to‘liq axborot olish;

reproduktiv salomatlikni saqlash sohasidagi xizmatlardan foydalanishni ta’minlash;

reproduktiv salomatlik masalalari yuzasidan maxfiylikka rioya etilgan holda tibbiy maslahatlar va xizmatlar olish.

Ayol bepushtlikdan davolanish, reproduktiv salomatligini homilador bo‘lguniga qadar, homiladorlik davrida, tug‘ish va tug‘ishdan keyingi davrda davolashning zamonaviy uslublaridan foydalangan holda saqlash hamda davlat tomonidan ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanish huquqiga ega.

Homiladorlik davridagi tibbiy aralashuv er va xotinning yozma roziligi bilan, er bo‘lmagan taqdirda ayolning o‘z roziligi yoki ota-onasining roziligi yoxud u voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz bo‘lgan taqdirda boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan amalga oshiriladi.

Tibbiy aralashuvni rad etish fakti ehtimoldagi oqibatlar ko‘rsatilgan holda tibbiy hujjatlarda qayd etiladi va homilador ayol tomonidan, buning imkoni bo‘lmagan taqdirda uning eri yoki qarindoshlari tomonidan yozma tarzda, tibbiy aralashuvni rad etish haqida yozma javob olishning imkoni bo‘lmagan taqdirda esa shifokorlar konsiliumining xulosasi bilan tasdiqlanadi. Ayol homiladorlikka, uni sun’iy ravishda to‘xtatishga va kontratsepsiyaga majbur qilinishi mumkin emas.

12-modda. Erkaklarning reproduktiv salomatligini saqlash

Erkaklarning reproduktiv salomatligini saqlash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

o‘zining reproduktiv salomatligi, bepushtlikni davolash uslublari va kontratsepsiya to‘g‘risida ishonchli hamda to‘liq axborot olish;

reproduktiv salomatlikni saqlash sohasidagi xizmatlardan foydalanishni ta’minlash;

yangi tibbiy, shu jumladan yordamchi reproduktiv texnologiyalardan, shuningdek kam invazivli (kam jarohatlaydigan) aralashuvlardan foydalangan holda bepushtlikni davolash;

reproduktiv salomatlik masalalari yuzasidan maxfiylikka rioya etilgan holda tibbiy maslahatlar va xizmatlar olish.

13-modda. Voyaga yetmagan shaxslarning reproduktiv salomatligini saqlash

Voyaga yetmagan shaxslarning reproduktiv salomatligini saqlash:

tibbiy-profilaktika tadbirlarini, shu jumladan reproduktiv a’zolar patologiyasini, shuningdek irsiy kasalliklarni aniqlashga qaratilgan tibbiy-profilaktika tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni;

jinsiy tarbiya va ularni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha tadbirlar o‘tkazishni;

ularni reproduktiv salomatlik masalalari bo‘yicha o‘qitish va axborot berishni o‘z ichiga oladi.

Reproduktiv salomatlik muammolari bo‘yicha tibbiy aralashuv voyaga yetmagan shaxsni, shuningdek uning qonuniy vakilini xabardor etgan holda ularning ixtiyoriy roziligi bilan amalga oshiriladi. 

Voyaga yetmagan shaxsning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash uchun tibbiy aralashuv tavsiya etilgan taqdirda hamda qonuniy vakildan va voyaga yetmagan shaxsdan rozilik olishning imkoni bo‘lmaganda, tibbiy aralashuv shifokorlar konsiliumining xulosasi mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.

Voyaga yetmagan shaxslarni reproduktiv salomatlikni saqlash masalalari bo‘yicha tarbiyalash, o‘qitish hamda ularga axborot berish, ularni oilaviy hayotga tayyorlash tegishincha oilada, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida amalga oshiriladi.

Reproduktiv salomatlik, shu jumladan jinsiy tarbiya masalalari bo‘yicha o‘qitish ta’limni va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari bilan birgalikda voyaga yetmagan shaxslarning yoshi, psixologik va jismoniy o‘ziga xosliklari hisobga olingan holda, ularning oilalari bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqilgan, maxsus tasdiqlangan dasturlarga ko‘ra amalga oshiriladi. O‘qitishga tegishli tibbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassislar jalb etiladi. 

Voyaga yetmagan shaxslarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi xizmatlar davlat tomonidan kafolatlangan va bepul asosda amalga oshiriladi.

Voyaga yetmagan shaxslarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida axborot berish anonim va maxfiy tarzda amalga oshiriladi.

14-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligi to‘g‘risidagi axborot

Fuqarolarning reproduktiv salomatligi to‘g‘risidagi axborot:

reproduktiv salomatlikning holati haqidagi;

reproduktiv salomatlikni saqlash bo‘yicha xizmatlar olish shartlari va usullari to‘g‘risidagi;

zamonaviy kontratsepsiya usullari, ularning afzalliklari va kamchiliklari haqidagi;

yordamchi reproduktiv texnologiyalarni qo‘llashdagi har qanday psixologik va fiziologik oqibatlar, ehtimoldagi asoratlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Fuqarolarning reproduktiv salomatligi to‘g‘risidagi axborot ishonchli va to‘liq bo‘lishi kerak.

15-modda. Yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish 

Yordamchi reproduktiv texnologiyalar urug‘lantirishning ayrim yoki barcha bosqichlari ayolning organizmidan tashqarida amalga oshiriladigan homiladorlikka erishishga qaratilgan tibbiy texnologiyalar, davolash usullari va muolajalaridan iboratdir.

Yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

16-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlari

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlari quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi:

fuqarolarning reproduktiv salomatligi buzilishi xavfini, shu jumladan atrof-muhit va ishlab chiqarish omillarini aniqlash;

reproduktiv salomatlik sohasidagi buzilishlarni aniqlash va davolash maqsadida fuqarolarning majburiy profilaktika tibbiy ko‘riklarini (dastlabki va davriy) o‘tkazish;

reproduktiv yoshdagi fuqarolarni va homilador ayollarni reproduktiv salomatlikning buzilishi xavfi hamda uning reabilitatsiyasi haqida xabardor qilish;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash bo‘yicha ta’lim dasturlarini va ilmiy dasturlarni ommaviy axborot vositalari orqali yoritish;

fuqarolarni sog‘lom turmush tarzini yuritishga va profilaktika tadbirlarida ishtirok etishga rag‘batlantirish tizimini yaratish, birinchi navbatda, fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash va mustahkamlashga ko‘maklashuvchi hayot tarzini va uslubini ommalashtirish orqali yaratish;

ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarning, reproduktiv tizim a’zolari kasalliklarining rivojlanishiga doir xavf guruhlarini ajratgan holda aholini, shu jumladan bolalar va o‘smirlarni dispanserizatsiyadan o‘tkazish hamda yakka tartibdagi profilaktika dasturlarini ishlab chiqish;

fuqarolarga tibbiy-genetik yordamni takomillashtirish, homiladagi nuqsonlarga erta tashxis qo‘yish uchun yangi perinatal texnologiyalarni joriy etish.

17-modda. Kontratsepsiyadan foydalanish

Fuqarolar kontratsepsiya usullarini tanlash, ulardan foydalanish, shuningdek ularni rad etish huquqiga ega.

Fuqarolarga sog‘lig‘ining holati, yoshi va individual xususiyatlari hisobga olingan hamda ehtimoldagi har qanday nomaqbul oqibatlar haqida ogohlantirgan holda kontratsepsiya usullarini yakka tartibda tanlash bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Fuqarolar kontratsepsiyaning jarrohlik usulidan ixtiyoriy ravishda foydalanish huquqiga ega.

Kontratsepsiyaning jarrohlik usuli faqat oldindan albatta xabardor etilgan holda hamda voyaga yetgan, muomalaga layoqatli fuqaroning yoki er-xotinning yoxud fuqaro muomalaga layoqatsiz bo‘lsa, vasiylarning roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

18-modda. Homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatish

Homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatish:

homiladorlikning o‘n ikki haftagacha bo‘lgan muddatida, ayolning xohishiga ko‘ra;

homiladorning hayotiga xavf soluvchi tibbiy ko‘rsatmalar mavjud bo‘lganida homiladorlik muddatidan qat’i nazar amalga oshiriladi.

Tibbiyot muassasalari tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatish to‘g‘risida yoki homiladorlikni to‘xtatishni rad etish haqida qaror qabul qilgan ayolni uning sog‘lig‘i uchun har qanday ehtimol tutilgan salbiy oqibatlar haqida xabardor etishi shart.

19-modda. Yordamchi reproduktiv texnologiyalarni qo‘llashda shifokorlik sirini va axborotning maxfiyligini saqlash

Yordamchi reproduktiv texnologiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risidagi, shuningdek yordamchi reproduktiv texnologiyalar dasturlari ishtirokchilarining shaxsi haqidagi ma’lumotlar shifokorlik sirini tashkil etadi va ular to‘g‘risidagi axborot maxfiy bo‘lishi kerak.
Shifokorlik sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar o‘qish chog‘ida, kasbiy, xizmat vazifalarini va boshqa vazifalarni bajarish chog‘ida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan shaxslar tomonidan ushbu ma’lumotlarni fuqaroning yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz oshkor etishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan hollar mustasno.

Shifokorlik sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni fuqaroning yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz taqdim etishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:

o‘zining holatiga ko‘ra, o‘z xohish-irodasini bildirishga qodir bo‘lmagan fuqaroni

tekshiruvdan o‘tkazish va davolash maqsadida;

yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi bo‘lganda;

tergov yoki sud muhokamasi o‘tkazilishi munosabati bilan surishtiruv, tergov va prokuratura organlarining, shuningdek sudning so‘rovlariga binoan. 

20-modda. Nizolarni hal etish

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

21-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risidagi qonun ujjatlarini
buzganlik uchun javobgarlik

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

22-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini 
ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

23-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

24-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.


O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti
ShavkatMirziyoyev


Maqola muallifi

Teglar

qonun reproduktiv salomatlik

Baholaganlar

8

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing