Sharl Mishel Putinni saylovdagi “ishonchli g‘alaba”si bilan tabrikladi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Kengashi raisi Sharl Mishel Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan prezidentlik saylovlari bilan bog‘liq X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida istehzoli bayonot e’lon qildi. 

"Vladimir Putinni bugun boshlanadigan saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklayman. Muxolifat yo‘q. Erkinlik yo‘q. Tanlov yo‘q", degan u.

Ma’lumot uchun, Rossiya Markaziy saylov komissiyasi prezidentlikka to‘rt nafar nomzodni ro‘yxatga oldi: Nikolay Xaritonov (Kommunistik partiya), Leonid Slutskiy (LDPR), Vladislav Davankov (Yangi odamlar) va Vladimir Putin (o‘z-o‘zini ko‘rsatgan).

MSK 18 mart kuni ertalab ovoz berishning dastlabki natijalarini e’lon qiladi. Komissiya birinchi natijalarni 17 mart kuni soat 21:00 dan boshlab berishni boshlaydi. 

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi “Fuqarolar tashabbusi” partiyasidan Boris Nadejdinning prezidentlikka nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazmagan. Bunga uni qo‘llab-quvvatlash uchun to‘plangan imzolarning 10 foizdan ortig‘i soxtaligi ro‘kach qilib keltirilgan. Shuningdek, MSK prezidentlikka o‘z nomzodini e’lon qilganida Ukrainada jangovar harakatlar to‘xtatilishi, demokratik islohotlar va siyosiy mahbuslarning ozod etilishi tarafdori ekanini bildirgan Yekaterina Dunsovaga ham uning hujjatlarida xatolar aniqlangani vaji bilan nomzod bo‘lishga ruxsat bermadi. Shundan so‘ng Dunsova MSK ustidan sudga murojaat qildi. Biroq Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi ham rjevlik jurnalist Yekaterina Dunsovaning da’vosini rad etdi.

Eslatib o‘tamiz, 15 mart kuni Rossiyada prezidentlik saylovida ovoz berish boshlandi va Putin rossiyaliklarni prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga chaqirdi. Oldinroq esa Rossiya qamoqxonasida vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya G‘arb davlatlarini Rossiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari natijalarini tan olmaslikka va Vladimir Putinni Rossiyaning beshinchi muddatga saylanadigan Prezidenti sifatida qabul qilmaslikka undagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin tabrik Sharl' Mishel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing