“Sharq taronalari” bosh sovrinini Konservatoriya talabasi qo‘lga kiritdi

Jamiyat

image

Kecha, 30 avgust kuni Samarqand shahrida “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali yakunlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

26-30 avgust kunlari dunyo san’at ahlining bosh sahnasiga aylangan Registondagi amfiteatrda “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, festival qatnashchilari “Eng yaxshi libos va musiqa uyg‘unligi”, “Mehr-oqibatni tarannum etgani uchun”, “Sharq xalqlari musiqa san’ati jonkuyari”, “An’analarga sodiq jamoa”, “Qadriyatlar davomchisi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. Samarqand viloyati va shahar hokimligi hamda boshqa tashkilotlarning maxsus mukofotlari topshirildi.

Nominatsiya g‘oliblariga diplom, 500 AQSH dollaridan pul mukofoti va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sahnaga Tojikiston (“Badaxshon” jamoasi) va Rossiya (“Ayarxan” jamoasi)dan kelgan jamoalar hamda O‘zbekiston vakillari – Azizjon Abduazimov va Ulug‘bek Elmurodzoda taklif etildi. Ularga festivalning uchinchi darajali diplomlari, 2 ming AQSH dollaridan pul mukofoti va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Ikkinchi o‘ringa Turkmanistonning “Archabil” va Mo‘g‘ulistonning “Xatan” jamoalari sazovor bo‘ldi. Ularga 3,5 ming AQSH dollaridan pul mukofoti, diplom va boshqa sovg‘alar topshirildi. 

Festivalning professional xalq musiqa va qo‘shiqlari hamda an’anaviy yo‘lda ijod qilingan zamonaviy musiqa yoki qo‘shiq yo‘nalishlari bo‘yicha birinchi o‘ringa Qirg‘izistoning “Qomuzchilar” dueti hamda Ozarbayjondan kelgan Parviz Gasimov munosib, deb topildi. Ularning har biri 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivalining bosh sovrini – Gran-pri O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabasi Mehrinigor Abdurashidovaga berilgani ma’lum qilindi.

Marosim qatnashchilari Mehrinigorni qizg‘in olqishlar bilan qo‘llab-quvvatladi. 

Marosimda o‘zbekistonlik san’at ustalari va yosh ijrochilar, festival g‘oliblari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. 

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari 2021 yilda yana Samarqandda uchrashish niyatida xayrlashdi. 

Festival g‘oliblarini taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova hamda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Sharq taronalari

Baholaganlar

58

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing