Sharqshunoslik universiteti tashkil etiladi – Prezident qarori
Jamiyat
−
16 aprel 2020
7637O‘zbekiston Respublikasi Prezdentining “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tomonidan O‘zbekistonning Sharq mamlakatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi malakali mutaxassislarni tayyorlash, jahonda ro‘y berayotgan jarayonlarni to‘g‘ri talqin qila oladigan tahliliy tafakkurga ega kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, sharq tillari bo‘yicha sinxron tarjimonlarni yetishtirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, institutda sharqshunoslik sohasida xalqaro standartlar darajasida oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-pedagogik salohiyatni rivojlantirish, ta’lim jarayonining o‘quv-uslubiy va axborot ta’minotini yaxshilash, moddiy-texnik bazani zamon talablariga mos ravishda yangilashda o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolar saqlanib qolmoqda.
Sharqshunoslik sohasida xalqaro standartlarga muvofiq kompleks bilimlarga ega malakali kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, ilm-fanni jadal rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning salohiyati, pedagogik mahoratini uzluksiz oshirib borish, talaba-yoshlarni sharqona qadriyatlar asosida tarbiyalashni takomillashtirish maqsadida:
1. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (keyingi o‘rinlarda –Universitet) tashkil etilsin.
2. Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
Sharq mamlakatlarining tillari, tarixi, madaniyati, moddiy va ma’naviy merosi, iqtisodiyoti, siyosati, xalqaro maydondagi nufuzi, ularning zamonaviy antropologiya va etnologiyasi, tarjimashunoslik, shuningdek, turizm va gid hamrohligi sohalarida zamonaviy bilimlarni mukammal egallagan, mehnat bozori uchun raqobatbardosh bo‘lgan kadrlarni tayyorlash;
Sharq mamlakatlarining rivojlanish omillari, ulardagi zamonaviy ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlar, sharq madaniyati va merosi, qadimiy yodgorlik va qo‘lyozmalarni ilmiy jihatdan o‘rganish, mazkur yo‘nalishda ilmiy-pedagogik xodimlarni tayyorlash hamda mahalliy va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
respublikada sharq tillari va adabiyoti, tarixi, madaniyati, falsafasi, siyosati va iqtisodiyotini o‘qitish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi sifatida xorijiy mamlakatlarning tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda sharq tillarini bilish darajasini baholovchi metodikalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish, til ta’limi sohasida hamda Sharq mamlakatlari bo‘yicha axborot beruvchi zamonaviy media mahsulotlar va elektron o‘quv adabiyotlarni ishlab chiqish;
Sharq mamlakatlaridagi zamonaviy tendensiyalar, tarixiy jarayonlar, sharq xalqlarining madaniy aloqalari va merosini tadqiq qilish, tahliliy ma’lumotlar tayyorlash hamda mazkur sohada ilmiy-ommabop adabiyotlar, darslik va monografiyalar chop etish;
talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilarda Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, ta’lim-tarbiya jarayonlari hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirib borish;
sharqshunoslik va sharq madaniy merosi sohalarida professor-o‘qituvchilarning respublika hamda xorijiy mamlakatlarda stajirovka o‘tash va ularning malakasini oshirish ishlarini muntazam tashkil etish;
xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda respublika uchun istiqbolli bo‘lgan yangi yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro loyihalarni amalga oshirish.
3. Belgilab qo‘yilsinki, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:
Universitetga ta’lim standartlarini ishlab chiqish, malakaviy talablar, o‘quv rejalari va dasturlarini, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda talabalarning bilimini baholash hamda o‘quv jarayonining amaliyot bilan integratsiyalashuvini ta’minlash tizimini ishlab chiqish va tasdiqlash huquqi beriladi;
Universitetda ta’lim jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimi asosida amalga oshiriladi;
xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo‘shma ta’lim dasturlarining o‘quv rejalari va fan dasturlari Universitet tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlanadi;
Universitetda sharq tillari o‘qitiladigan ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun doimiy faoliyat yurituvchi qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etiladi hamda kurslardan muvaffaqiyatli o‘tgan pedagog kadrlarga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining:
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Universitetga o‘qishga qabul qilishda sharq tillaridan (turk, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, yapon tillari) topshiriladigan ko‘p balli tizim bo‘yicha imtihonlar o‘rniga test sinovlari o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish;
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab ushbu tajribani boshqa tillar (ispan, italyan, tojik, qozoq, turkman, qirg‘iz tillari va boshqalar) bo‘yicha respublikadagi barcha davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda test sinovlari bazasini va kerakli infratuzilmani o‘z muddatida va sifatli shakllantirish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
5. Universitet, o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotganini hisobga olib, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:
professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqsin hamda ularning ish faoliyatini darslarga sifatli tayyorgarlik ko‘rishga va ilmiy salohiyatini kuchaytirishga qaratsin;
ilmiy loyihalarni bajarish jarayoniga iqtidorli talabalar, magistrantlar va doktorantlarni jalb qilishni kengaytirsin;
iqtidorli talabalar, magistrantlar va doktorantlarning ilmiy, innovatsion va startap loyihalarini tanlov asosida moliyalashtirish choralarini ko‘rsin;
fakultetlar tarkibi va kafedralar yo‘nalishlarini ko‘rib chiqsin hamda ularning faoliyatini yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari tajribasi asosida qayta tashkil etsin;
ta’lim sifatini oshirish, o‘quv va ilmiy faoliyatni ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etish maqsadida nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari ishtirokida onlayn kurslar, ma’ruzalar va mahorat darslarini muntazam tashkil etsin;
professor-o‘qituvchilar va mas’ul xodimlar uchun, zarurat tug‘ilganda, tajribali mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida kredit-modul tizimiga o‘tish bo‘yicha seminar-treninglar turkumini tashkil qilsin;
nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda salmoqli ilmiy nashrlar e’lon qilgan, “ustoz-shogird” tamoyili asosida iqtidorli talabalar, magistrantlar, doktorantlar yoki yosh professor-o‘qituvchilar bilan hammualliflikda yuqori impakt-faktorli xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar chop etgan professor-o‘qituvchilarni rag‘batlantirish tizimini joriy etsin.
6. Quyidagilar:
a) 2020-2023 yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini kompleks rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unda, shu jumladan, quyidagilar nazarda tutilsin:
o‘quv rejalarida amaliy va sayyor mashg‘ulotlarni o‘tkazishni kengaytirish, talabalarda amaliy kompetensiyalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan fanlarga ajratilgan soatlar ulushini oshirish;
ta’lim mazmunini kreativ fikrlash, innovatsion g‘oya va ishlanmalarni shakllantirishga xizmat qiluvchi ta’lim texnologiyalari bilan boyitish;
ilg‘or xorijiy tajriba asosida boshqaruv xodimlari va professor-o‘qituvchilar faoliyatini kompleks baholash indikatorlari asosida moddiy rag‘batlantirish tizimini yaratish;
Universitet salohiyatini bosqichma-bosqich oshirish maqsadida Universitet doktoranturasiga qabul kvotasini ko‘paytirish, yangi ixtisosliklar bo‘yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni tashkil etish;
professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talabalar uchun badiiy, ilmiy va o‘quv adabiyotlari elektron kataloglari hamda jahon ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, Universitetning xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini ta’minlash;
b) 2023 yilgacha Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) (keyingi o‘rinlarda – maqsadli ko‘rsatkichlar) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
2020 yil 1 iyulga qadar Universitet huzuridagi akademik litsey faoliyatini tanqidiy o‘rganib, uning faoliyatini takomillashtirish, qabul jarayoniga qo‘yilgan talablarni qayta ko‘rib chiqishni o‘z ichiga olgan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin;
chora-tadbirlar dasturida akademik litseyga o‘quvchilar xorijiy tilni bilish darajasiga qarab qabul qilinishini hamda Universitet kafedra mudirlari va yetakchi olimlarining akademik litsey o‘quv guruhlariga biriktirilishini nazarda tutsin.
8. Sharq tillari sohasida o‘rta bo‘g‘in professional kadrlarni tayyorlash, shuningdek, iste’dodli yoshlar seleksiyasini amalga oshirish maqsadida Namangan va Xiva shaharlarida sharq tillari bo‘yicha texnikumlar tashkil etilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2020 yil 1 avgustga qadar Namangan va Xiva shaharlarida tashkil etilayotgan sharq tillari bo‘yicha texnikumlarni sharq tillarini o‘qitishga moslashtirish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan to‘ldirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, bitiruvchilarga qo‘yiladigan malaka talablari, o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rsin.
9. Ta’lim sifatini oshirish, kadrlar tayyorlashda innovatsion usullarni joriy etish maqsadida Universitet tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan:
sharq tillari bo‘yicha malakali tarjimonlarni zamonaviy usullar asosida amaliyot bilan uyg‘unlikda tayyorlashga qaratilgan Sinxron tarjima laboratoriyasi;
talabalarda mustaqil ta’lim kompetensiyalarini hamda sharq tillari bo‘yicha elektron ta’lim resurslarini shakllantirishga xizmat qiladigan zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan Multimedia markazi tashkil etilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar Akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Madaniyat vazirligining Universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi hamda Sharq mamlakatlarining rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazini (keyingi o‘rinlarda – markazlar) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
Quyidagilar:
sharq xalqlarining madaniyati, sharq tillaridagi adabiy, tarixiy, falsafiy manbalarni har tomonlama chuqur o‘rganishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda yurtimiz qadriyatlari va milliy madaniy merosimizni dunyo miqyosida targ‘ib etish Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazining;
Sharq mamlakatlari tarixi, rivojlanish bosqichlari, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy taraqqiyoti xususiyatlari va rivojlanish modellarini kompleks tadqiq etish, O‘zbekiston Respublikasining Sharq davlatlari bilan o‘zaro munosabatlarini rivojlantirish nuqtai nazaridan o‘rganish Sharq mamlakatlarining rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin.
Belgilab qo‘yilsinki, shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, ilmiy-texnik dasturlarga ajratilgan byudjet mablag‘lari, Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar markazlar faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:
yozma yodgorliklar bo‘yicha maqsadli ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma manbalarning faksimile, foto, skaner nusxalari bilan Universitetni bepul ta’minlash;
Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari va muzeylari huzurida Universitetning adabiy va tarixiy manbashunoslik yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlovchi kafedralarining filiallarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Fanlar akademiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda har yilgi ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirishda ularda sharqshunoslik sohasi bo‘yicha maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilishini nazarda tutsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Universitet bilan birgalikda:
Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahmud Zamaxshariy va boshqa buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan Sharq mamlakatlarining ijtimoiy-siyosiy hayoti, tili, madaniyati va tarixiga oid yozma manbalarni;
Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari tarixi, antropologiyasi, tili va adabiyoti, ijtimoiy-siyosiy jarayonlari, ichki va tashqi siyosatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Moliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida “Sankt-Peterburg davlat universiteti” federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini o‘rnatilgan tartibda kiritsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Tashqi ishlar vazirligining Universitet xalqaro obro‘sini mustahkamlash, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorligini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or tajribalarni o‘quv va ilmiy jarayonga tatbiq etish maqsadida chet ellik mutaxassislar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlarning malakali xodimlari tomonidan Universitetda ma’ruzalar o‘qish va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi Universitet buyurtmalariga binoan dars berish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, ilmiy-nazariy ma’ruzalar o‘qish uchun taklif etiladigan chet ellik professor-o‘qituvchilar, olimlar va mutaxassislarga ko‘p martalik kirish vizalarining berilishi va uzaytirilishini, O‘zbekiston Respublikasidagi vaqtincha yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasin.
17. Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutining Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, 20a-uy manzilida joylashgan bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Universitetga operativ boshqaruv huquqi asosida beg‘araz o‘tkazib berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi 2021 yil 1 avgustga qadar mazkur bandga muvofiq Universitetga berilgan hududda Universitetning yangi 9 qavatli binosi va sport majmuasini qurish va foydalanishga topshirish choralarini ko‘rsin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Universitetning yangi binosi va sport majmuasini qurish hamda jihozlash uchun zarur mablag‘larni jalb qilsin va o‘z vaqtida ajratsin;
Hisob palatasi bilan birgalikda Universitetning yangi binosi va sport majmuasini qurish hamda jihozlash uchun ajratilgan mablag‘larning oqilona va maqsadli sarflanishi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatsin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi Universitetning asoslantirilgan takliflari asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida professor-o‘qituvchilar, rahbar xodimlar va tadqiqotchilarning xorijda amaliyot o‘tashi va stajirovkasini tashkil etish choralarini ko‘rsin.
20. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur qaror ijrosini tashkil etishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov – mazkur qarorning ijrosini sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida ta’minlash, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har chorakda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etsin;
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov – sharqshunoslik sohasida yetarli bilimlarga ega malakali kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash, Universitet faoliyatini lozim darajada tashkil etish, sharq tillarini bilish darajasini baholash tizimini joriy qilish, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish, Dasturni ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilishini ta’minlasin, mazkur qarorda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda mas’ul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatsin hamda uning ijrosi bo‘yicha har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;
mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarish, sharqshunoslik sohasida malakali kadrlarni tayyorlash va ilmiy salohiyatni yaxshilash yuzasidan barcha choralarni amalga oshirsin;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Ko‘chimov hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi A.D.Xadjayev – mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, matbuot anjumanlar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2020 yil 16 aprel
LiveBarchasi
26 noyabr